Tanasidan 16ta igna topilgan bolaning ahvoli qanday

Bolaning tanasida yana 3ta igna qolgan, lekin ular sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan joyda joylashmagani tufayli, hozircha ularga tegilmaydi.
Sputnik

TOShKENT, 7 fev — Sputnik. Tanasidan 16ta igna topilgan bolaning hvoli ancha yaxshi bo‘lib qolganligini xabar qildi "Yoshlar" telekanaliga Respublika Bolalar jarrohlik markazi bosh shifokori Habibulla Akilov.

Shifokor aytishiga qaraganda, ayni damda bolaning ahvoli barcha ko‘rsatgichlar bo‘yicha kundan kunga ijobiy tomonga o‘zgarmoqda.

“Qon tahlili, siydik tahlili ko‘rsatgichlari, yaralarning bitishi, tana harorati ijobiy tomonga o‘zgardi. Bola ema boshladi, ichak tizimi yaxshi ishlab ketdi, qon bosimini bolaning o‘zi ushlab turibdi. Oldin bola koma, koma 1, koma 2, holatida baholangan bo‘lsa, hozir o‘ziga kelish arafasida. Otini aytsangiz ko‘zini ochmoqda”, — deydi Akilov.     

Shifokor aytishiga qaraganda, bolaning tanasida yana 3ta igna qolgan. Lekin ular sog‘liq uchun xavf tug‘diradigan joyda joylashmagani tufayli, hozircha ularga tegilmaydi. Bola 5-6 yosh bo‘lgandan keyin, kerak bo‘lsa, ular ham olib tashlanishi mumkin.

Bolaning begonasi bo‘lmaydi: tanasida ignalar topilgan bolakay ahvoli ijobiy baholanmoqda

Shifokor aytishiga qaraganda, bunday vaziyatlar oldin ham bo‘lgan. Hattoki 22ta ninani yutgan bemor ham tibbiy elak yordamida, operatsiyasiz davolangan ekan.

Ushbu voqea butun O‘zbekiston aholisini larzaga soldi desak xato bo‘lmaydi. Voqeadan xabar topgan kishi borki, u bolakayning taqdiriga befarq qarab tura olmadi. Ijtimoiy tarmoqlarda aksariyat bolaning sog‘ayib ketishiga umid bildirishmoqda.

Respublika Bolalar jarrohlik markaziga o‘z ishi bilan kelgan, butunlay begona kishilar ham bolaning sog‘ligi bilan qiziqmoqda. Uning yaxshi bo‘lib qolganini eshitib, ular ham shifokorga minnatdorlik bildirishmoqda.