O‘zbekiston va Jahon banki raqamli rivojlanish bo‘yicha loyihani amalga oshiradi

Digital CASA loyihasi Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlaridagi AKT infratuzilmani rivojlantirish, elektron hukumat uchun tizimlari ishlab chiqarish, raqamli iqtisodiyotni joriy qilish va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borishni ko‘zlaydi
Sputnik

TOShKENT, 6 fev – Sputnik. Axborot texnologiyalari va kommunikatsiyalarini rivojlantirish vazirligida Butunjahon bankining maxsus vakillari guruhi bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Mazkur delegatsiya O‘zbekistonda "Raqamli Markaziy Osiyo — Janubiy Osiyo" (Digital CASA) loyihasini amalga oshirishga tayyorgarlik ko‘rish yuzasidan tashrif buyurgan. Bu haqda vazirlik matbuot xizmati xabar berdi.

Aripov: O‘zbekiston raqamli qayta shakllanish davrini boshidan kechirmoqda

Uchrashuvda har ikkala tomon Digital CASA loyihasi bo‘yicha o‘z fikr-mulohaza hamda takliflarini bayon qildi. O‘zbekiston tomoni mamlakatda ushbu loyihaning amalga oshirilishi natijasida kutilayotgan jihatlar haqida o‘z qarashlarini ma’lum qildi. Shundan kelib chiqib, Butunjahon banki bilan hamkorlikning mamlakat axborot texnologiyalari va telekommunikatsiyalari tarmoqlarini rivojlantirishdagi ahamiyati qayd etildi.

Uchrashuvda loyihani ishlab chiqish yuzasidan keyingi rejalar belgilab olindi.

Butunjahon banki vakillari tashriflari jarayonida O‘zbekistondagi raqamli rivojlanish holati va natijalar xususida ham muzokaralar olib borishmoqda. Shuningdek, ular O‘zbekistondagi vazirlik va idoralar, jumladan IT-muassasalar bilan uchrashuvlarini davom ettirishmoqda.

Digital CASA loyihasi Osiyoning rivojlanayotgan mamlakatlaridagi AKT infratuzilmani rivojlantirish, elektron hukumat uchun tizimlari ishlab chiqarish, raqamli iqtisodiyotni joriy qilish va boshqa yo‘nalishlarda faoliyat olib borishni ko‘zlaydi.