"Zulfiya"chi qizlarning yoshi sakkiz yoshga uzaytirildi

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari bakalavriatga, bakalavriat talabalari esa oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi
Sputnik

TOShKENT, 3 fev — Sputnik. Shavkat Mirziyoyev imzolagan Farmonga muvofiq endilikda Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti 30 yoshdan oshmagan qizlarga ham beriladi.

"Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti ta’lim, fan, adabiyot, madaniyat, san’at, sport va jamoatchilik faoliyatida alohida yutuqlarga erishgan o‘n to‘rt yoshga to‘lgan va o‘ttiz yoshdan oshmagan iqtidorli qizlarga har yili Qoraqalpog‘iston Respublikasi, viloyatlar va Toshkent shahridan ikki nafar talabgorlarga beriladi", — deyiladi hujjatda.

Shuningdek, umumiy o‘rta, o‘rta maxsus, kasb-hunar ta’limi muassasalarining Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti laureatlari bo‘lgan o‘quvchilari bakalavriatga, bakalavriat talabalari esa oliy ta’lim muassasalari magistraturasiga tegishli yo‘nalish va ixtisoslik bo‘yicha kirish sinovlarisiz davlat grantlari asosida qabul qilinadi.

O‘zbekistonda "ZAGS"lar ajrimlarning oldini olish bilan shug‘ullanadi
Eslatib o‘tamiz, 1999-yildagi prezident Farmoniga muvofiq, Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti 25 yoshgacha bo‘lgan qizlarga berilgan bo‘lsa, 2006-yilning fevralida mazkur nizomga o‘zgartirish kiritilgan bo‘lib, "25 yoshgacha bo‘lgan" so‘zlari "14 yoshdan 22 yoshgacha" bo‘lgan so‘zlar bilan almashtirilgan edi.

Zulfiya nomidagi Davlat mukofoti maktab, litsey, kollej va oliy o‘quv yurtlarida ta’lim olayotgan, a’lo xulqi, oliyjanob insoniy fazilatlari, zukkoligi, donoligi, tashabbuskorligi, o‘qishdagi muvaffaqiyatlari, yorqin iste’dodini namoyish qilishi bilan birga istiqlol g‘oyalarini amalga oshirish yo‘lida fidokorona mehnat qilayotgan iqtidorli qizlarga adabiyot, san’at, madaniyat, fan va ta’lim sohalarida erishgan katta yutuqlari uchun beriladi.