Toshkentda pasport xizmatlari ko‘rsatish vaqtincha to‘xtatiladi

O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi yangi binoga ko‘chmoqda
Sputnik

TOShKENT, 3 fev – Sputnik. Toshkent shahar Ichki ishlar Bosh boshqarmasi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish boshqarmasi, tuman Ichki ishlar boshqarmalari Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bo‘limlari hamda Toshkent shahrining 70 ta shahar ichki bo‘limlarining  avtomatlashtirilgan axborot tizimlari orqali qator xizmatlar ko‘rsatilishi 2018-yilning 5-fevral kunidan 11-fevral kuniga qadar vaqtincha to‘xtatiladi. Bu haqda Toshkent IIBB saytida xabar berildi.

Xabar qilinishicha, O‘zbekiston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi Toshkent shahar, Yakkasaroy tumani, Shota Rustaveli 1-berk ko‘chasi, 5-uy manzili bo‘yicha yangi binoga ko‘chmoqda.

Shu bois, quyidagi xizmatlar ko‘rsatilishi vaqtincha to‘xtaydi:

1. O‘zbekiston Respublikasi fuqarosining biometrik pasporti hamda fuqaroligi bo‘lmagan shaxsning xorijga chiqish hujjatini rasmiylashtirish yuzasidan hujjatlarni qabul qilish va elektron talabnoma shakllantirish;

O‘zbekistonda xorijga chiqish uchun alohida pasport bari bir joriy etiladi

2. Jismoniy shaxslarga shaxsiy identifikatsiya raqamini biriktirish yuzasidan hujjatlarni qabul qilish va elektron talabnoma shakllantirish;

3. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolariga chet elga chiqish ruxsat yozuvi stikerini rasmiylashtirish;

4. Chel el fuqarolari va fuqaroligi bo‘lmagan shaxslarga O‘zbekiston Respublikasida yashash guvohnomasini rasmiylashtirish;

5. Chet el fuqarolarini O‘zbekiston Respublikasiga taklif qilish yuzasidan hujjatlarni rasmiylashtirish;

6. O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini Toshkent shahri va Toshkent viloyatida turgan joyi bo‘yicha hisobga olish to‘g‘risida qayd varag‘ini rasmiylashtirish.