Toshkent viloyati yo‘llarida foto va videoradarlar ishga tushadi

M39 "Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo‘liga o‘rnatilgan fotoradarlar 2018-yilning fevral oyida ishga tushiriladi
Sputnik

TOShKENT, 1 fev – Sputnik. Toshkent viloyati hududidan o‘tgan M39 "Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo‘lining 806-871 kilometrlari oralig‘ida maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar o‘rnatilib, 20-yanvar kunidan buyon sinov tariqasida foydalanilmoqda. Bu haqda Toshkent viloyati IIB Yo‘l harakati xavfsizligi boshqarmasi xabar qildi.

Chirchiqda foto va video kuzatuv moslamalari ishga tushirildi

Yo‘l harakati qoidasini buzgan haydovchilarni aniqlashga mo‘ljallangan mazkur maxsus avtomatlashtirilgan fotoradarlar qisqa muddatda Toshkent viloyatining barcha shahar va tumanlarida bosqichma-bosqich o‘rnatilishi rejalashtirilgan.

M39 "Almata-Bishkek-Toshkent-Termiz" avtomobil yo‘liga o‘rnatilgan fotoradarlar 2018-yilning fevral oyida ishga tushiriladi.

Qayd etilishicha, ushbu tizim yo‘l harakati xavfsizligini zamonaviy texnologiyalar yordamida ta’minlash, yuqori harakat jadalligi sharoitida yo‘l harakatini nazorat qilish, ishtirokchilarning yo‘l-transport hodisalaridan himoyalanganlik darajasini oshirish, qoidabuzarliklarni avtomatik tarzda aniqlash, qayd etish hamda profilaktika qilish ishlari samaradorligini oshiradi.