O‘zbekiston terma jamoasiga yuqori darajadagi xorijlik mutaxassis bosh murabbiy bo‘ladi

Futbol Assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari Yoqubjon Mamajonovning aytishicha, u yuqori darajadagi xorijlik mutaxassis bo‘ladi
Sputnik

TOShKENT, 1 fev — Sputnik. O‘zbekiston Futbol federatsiyasi fevral oxiriga qadar mamlakat milliy terma jamoasi yangi murabbiyi bilan muzokaralar jarayonini yakunlashni rejalashtirmoqda, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Terma jamoa bosh murabbiyligiga kimlar bilan muzokaralar olib borilayotgani ma’lum qilindi

"Hozirda muzokaralarning yakuniy bosqichi ketmoqda. Agar u muvaffaqiyatli yakunlansa, yangi murabbiy nomini fevral oxirida e’lon qilishni rejalashtirganmiz. Ammo bu jiddiy muzokara, hamma narsa o‘zgarib ketishi mumkin, shu bois hozircha aniq sanani aytish qiyin", — dedi futbol Assotsiatsiyasi matbuot xizmati rahbari Yoqubjon Mamajonov Sputnik muxbiriga.

Shu bilan birga suhbatdosh O‘zbekiston terma jamoa murabbiyligiga xorijlik mutaxassisni taklif etish niyatidan qaytganligi haqidagi mish-mishlarni inkor etdi. Uning aytishicha, hozirda xorijlik mutaxassislar bilan muzokaralar olib borilmoqda, bo‘lg‘usi bosh murabbiy oldiga aniq vazifalar qo‘yiladi.

"Nomzodlarga keladigan bo‘lsak, muzokaralar yopiq tartibda o‘tmoqda, ammo bir narsani aytishim mumkin, u yuqori darajadagi xorijlik mutaxassis bo‘ladi", — dedi u.

 

Ilgariroq O‘zbekiston Futbol federatsiyasi mamlakat milliy terma jamoasiga bosh murabbiylikka muzokaralar olib borilayotgan mutaxassislar nomini e’lon qilgandi. Ular Valter Massari, Bert van Marveyk, Slaven Bilich, Dan Petresku, Miodrag Radulovich, Slavolyub Muslin, Anjelio Alessio, Bernd Shtork va Branko Ivanovich.