O‘zbekistonda shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida qonun ishlab chiqiladi

Mazkur qonun loyihasi Davlat dasturi bo‘yicha 2018-yil 1-dekabrga qadar Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, Bosh prokuratura, MXX, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi
Sputnik

TOShKENT, 26 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev tomonidan tasdiqlangan "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" Davlat dasturida "Shaxsiy ma’lumotlarni himoya qilish to‘g‘risida"gi qonun loyihasi ishlab chiqilishi belgilangan.

O‘zbekistonda shaxsiy hayot daxlsizligi qonun bilan himoyalandi
Hujjatda ma’lumotlarning huquqiy maqomi belgilanadi. Ularni himoya qilishning yaxlit mexanizmi yaratiladi.

Qonunda shaxsiy va oilaviy sir daxlsizligiga bo‘lgan huquqlarni himoya qilish, "Elektron hukumat" tizimi rivojlanishi munosabati bilan jismoniy shaxslarga oid ma’lumotlar bilan ishlash jarayonida ular oshkor qilinishining oldini olish choralari va boshqa qoidalar nazarda tutiladi.

Qonunning pirovad maqsadi fuqarolarning shaxsiy huquqlarini, shaxsiy daxlsizligi, shaxsiy hayotining daxlsizligi, xususiy va oilaviy siri, nomga bo‘lgan huquqi, tasvirga bo‘lgan huquqini himoya qilishga qaratiladi.

Mazkur qonun loyihasi Davlat dasturi bo‘yicha 2018-yil 1-dekabrga qadar Davlat personallashtirish markazi, Axborot texnologiyalari vazirligi, IIV, Bosh prokuratura, MXX, Oliy sud, Konstitutsiyaviy sud, Adliya vazirligi tomonidan ishlab chiqiladi.

Bu borada Germaniya, Fransiya, Buyuk Britaniya, Rossiya tajribalari o‘rganiladi.