Samarqandda 30-yanvardan ikkinchi tramvay liniyasi ishga tushadi

Yangi yo‘nalish bo‘yicha sinov safari bugun, 25-yanvarda o‘tkaziladi. Yetkazib kelingan travmaylar ayni vaqtda ekspluatatsiyaga tayyorlanmoqda
Sputnik

TOShKENT, 25 yanv — Sputnik. Samarqandda 30-yanvardan ikkinchi tramvay liniyasi rasman ishga tushadi, deb xabar qildi Samarqand hokimligi matbuot-xizmati.

Samarqand romantik tramvay - internetda nima gap?
"30 yanvardan Samarqand shahrida "Vokzal — Siyob bozori" yo‘nalishi bo‘yicha tramvay liniyasi ishga tushadi",  — deyiladi xabarda.

Yangi yo‘nalish bo‘yicha sinov safari bugun, 25-yanvarda o‘tkazilishi, yetkazib kelingan travmaylar ayni vaqtda ekspluatatsiyaga tayyorlanayotgani aytilgan edi.

Hokimlik matbuot-xizmati Sputnik O‘zbekiston muxbiriga, bugun birinchi sinov o‘tkazilgani, aniqlangan kamchiliklar ustida ularni barataraf etish bo‘yicha hozirdan ish boshlanganini xabar qildi.

"Rasmiy ochilish marosimi 27-yanvarda bo‘lib o‘tadi. Bunda albatta, aholini xabardor qilamiz. Toshkentdan ham rasmiy vakillar kelishadi", — dedi hokimlik vakili.

"Vokzal-Siyob bozori" yo‘nalishi 5 kilometrdan iborat bo‘lib, 18 ta bekatni o‘z ichiga olgan. Har qatnov oralig‘i 7 minut. Yo‘lovchi bu yo‘nalishda shahar vokzalidan Siyob bozoriga 20 daqiqada yetib olishi mumkin

Kelgusida Samarqand shahrida 3-tramvay liniyasini ishga tushirish rejalashtirilgan. 23,2 kilometr uzunlikdagi bu liniya shaharning Buyuk ipak yo‘li ko‘chasidan Kimogarlar shaharchasiga qadar harakatlanadi.

Eslatib o‘tamiz, Samarqand shahrida tramvaylar harakati o‘tgan yilning aprelidan boshlangan edi.