O‘zbekistonda o‘tkazilishi rejalashtirilgan xayriya marafoni bekor qilindi

Ma’lum bo‘lishicha, ayni vaqtda butun O‘zbekiston bo‘ylab xayriya maqsadini ilgari surib, pul ishlayotgan firibgarlar "bolalab ketgan"
Sputnik

TOShKENT, 22 yanv — Sputnik. Bugun Toshkent vaqti bilan 16-00da Respublika prezident qabulxonasi oldidan start berilishi rejalashtirilgan Aqto‘be qurbonlari oilalariga yordam xayriya marafoni bekor qilindi, deb xabar qildi voqea joyidan Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Ijtimoiy tarmoqlarda e’lon qilingan xayriyaning birinchi kunida 60 mln so‘m yig‘ildi
Eslatib o‘tamiz, kuni kecha "Orzu va hayot" Xalqaro xayriya jamoat fondi rahbari Ilhomjon Qosimov Aqto‘be shahrida yuz bergan fojea — avtobus yonib ketishi oqibatida halok bo‘lgan o‘zbekistonliklar oilalariga moddiy yordam berish maqsadida xayriya marafonini o‘tkazishini haqida xabar bergan edik.

Ayni vaqtda butun O‘zbekiston bo‘ylab xayriya maqsadini ilgari surib, pul ishlayotgan firibgarlar "bolalab ketgan"i uchun marafon o‘tkazilmaydigan bo‘ldi.

Bu haqda marafon tashkilotchisi Ilhomjon Qosimov Sputnik muxbiriga xabar qildi.

Qosimov shuningdek, bu haqda o‘zining Feysbukdagi sahifasida ham rasman ma’lum qilgan. 

"Assalomu alaykum azizlarim. E’lon qilingan ta’ziya marafoni o‘tkazilishi xaqidagi xabarni to‘xtatildi deb hisoblashingizni so‘rayman. Qandaydir kimsalar aynan biz toza fikr bilan boshlagan xayrli ishimizdan g‘ayrli maqsadda foydalanib o‘zlari xisob raqam ochib butun ijtimoiy tarmoqga meni nomimdan xarakatlanishni boshlab yuborishibdi. Har xil javobgarlikdan o‘zimni soqit qilish maqsadida o‘tkaziladigan ta’ziya marafonini o‘tkazmaslikga qaror qildim", — deyilgan xabarda.

Post muallifi tavsiyasiga ko‘ra, Aqto‘be qurbonlari oilalariga yordam berishni xohlagan fuqarolar bundan buyog‘iga mahalliy hokimlik vakillariga murojaat qilishlari lozim.

Eslatib o‘tamiz, 52 kishining hayotiga zomin bo‘lgan dahshatli fojea Qozog‘iston Respublikasi Akto‘be oblasti Irg‘iz tumani hududidan o‘tuvchi "Samara-Chimkent" avtomobil yo‘lining 1068 kmda Kaliboy aholi yashash punktidan 10 km uzoqlikda yuz bergan.

Ma’lum bo‘lishicha, Setra rusumli avtobus harakatlanayotgan vaqtida alanga olgan. Avtobus Qozog‘iston janubidan Rossiyaning Qozon shahriga yo‘l olgan bo‘lgan. Avtobus ichida bo‘lgan 57 kishidan faqat 5 nafari omon qolgan. Halok bo‘lganlarning barchasi O‘zbekiston fuqarolari va ularning aksar qismi Namangan viloyatidan bo‘lgan.