Jahon banki O‘zbekiston bilan sheriklik miqyosini yanada kengaytirishga tayyor

Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ijtimoiy infratuzilma va kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, moliya sektorini rivojlantirish, biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalar, tibbiyot va ta’limdagi dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan
Sputnik

TOShKENT, 19 yanv — Sputnik. Jahon banki bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva Jahon banki ustuvor milliy va mintaqaviy loyihalarni amalga oshirish doirasida O‘zbekiston bilan keng miqyosli sheriklikni yanada kengaytirishga tayyor ekanini bildirdi, deb xabar qildi prezident matbuot-xizmati.

O‘zbekistonga Jahon bankining bosh ijrochi direktori keladi
Georgiyeva bu haqda kuni kecha, 18-yanvar kuni O‘zbekiston prezidenti bilan uchrashuvda ma’lum qilgan. Ushbu nufuzli xalqaro moliyaviy institut delegatsiyasi tarkibiga Jahon bankining vitse-prezidenti Siril Muller, mintaqaviy direktori Liliya Burunchuk, ijrochi direktori Verner Gruber hamda bankning O‘zbekistondagi vakolatxonasi rahbari Xideki Mori ham kiritilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Jahon bankiga 1992-yilda a’zo bo‘lgan. O‘zaro hamkorlikning o‘tgan davrida umumiy qiymati 2,9 milliard dollardan ziyod imtiyozli kredit mablag‘lari jalb qilingan holda, 30 dan ortiq loyiha amalga oshirilgan va bu boradagi ishlar davom ettirilmoqda, deyiladi xabarda.

Angren — Pop elektrlashtirilgan temir yo‘l liniyasining qurilishi, energetika va sanoat obektlarida zamonaviy va energiyatejamkor texnologiyalarni joriy etish, transport infratuzilmasini rivojlantirish, agrar tarmoq salohiyatini oshirish, suv resurslarini boshqarish va suv ta’minotini yaxshilash, shoshilinch tibbiy yordam tizimini modernizatsiya qilish, ta’lim sohasini takomillashtirish hamda mamlakatimizning deyarli barcha hududlarini qamrab olgan boshqa ko‘plab loyihalar shular jumlasidan.

Uchrashuvda 2017-2021-yillarga mo‘ljallangan Harakatlar strategiyasiga muvofiq mamlakatni rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlari doirasida sheriklikni yanada kengaytirish masalalari muhokama qilindi.

Jahon bankining uzoq muddatli moliyaviy resurslarini jalb qilgan holda investitsiya loyihalarini sifatli va o‘z vaqtida tayyorlash, ularni samarali amalga oshirish masalalariga alohida e’tibor qaratildi.

Qishloq xo‘jaligi, transport va logistika, ijtimoiy infratuzilma va kommunal xo‘jalikni modernizatsiya qilish, moliya sektorini rivojlantirish, ilg‘or texnologiyalar, davlat va xususiy sektor sherikligi mexanizmlarini joriy etish, biznesni qo‘llab-quvvatlash sohalaridagi loyihalar, tibbiyot va ta’limdagi dasturlarni amalga oshirish hamkorlikning ustuvor yo‘nalishlari etib belgilangan.

O‘zbekiston Bosh vazir o‘rinbosari chet ellik investorlarga qanday va’da berdi?
Jahon banki bosh ijrochi direktori Kristalina Georgiyeva O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun minnatdorlik bildirib, Jahon banki prezidenti Jim Yong Kimning ezgu tilaklarini yetkazdi.

Jahon banki vakillari mamlakatda amalga oshirilayotgan, barcha soha va yo‘nalishlarni qamrab olgan islohot va o‘zgarishlarning yangi bosqichiga yuksak baho berdilar. Bularning barchasi mamlakatning uzoq istiqbolga mo‘ljallangan barqaror ijtimoiy-iqtisodiy taraqqiyotiga, aholi farovonligini izchil oshirishga mustahkam zamin bo‘layotgani ta’kidlandi.