Mirziyoyev Xitoy elchisini "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotladi

O‘z navbatida, Xitoy elchisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi
Sputnik

TOShKENT, 17 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev 2018-yil 16-yanvar kuni mamlakatdagi diplomatik missiyasini yakunlayotgan Xitoy elchisi Sun Liszeni qabul qildi.

O‘zbekiston, Qirg‘iziston va Xitoy birgalikda Yevropagacha eng qisqa temiryo‘l quradi
Davlat rahbari mehmonni qutlar ekan, Xitoy elchisining faoliyati samarali bo‘lgani hamda mamlakatlarimiz o‘rtasidagi do‘stlik va har tomonlama strategik sheriklikni rivojlantirish va mustahkamlashga katta hissa qo‘shganini chuqur mamnuniyat bilan qayd etdi.

2017 yil may oyida XXRga amalga oshirilgan oliy darajadagi tashrif va ikki davlat rahbarlari erishgan kelishuvlar O‘zbekiston — Xitoy hamkorligini sifat jihatidan yangi bosqichga ko‘tarish va uni aniq mazmun bilan boyitish imkonini bergani ta’kidlandi.

Turli darajadagi aloqalar, jumladan, parlamentlar va mintaqalararo munosabatlar faollashdi. Tomonlar bir-birini xalqaro va mintaqaviy tashkilotlar doirasida ham qo‘llab-quvvatlamoqda.

O‘zaro savdo hajmi izchil ortib bormoqda. 2017-yil yakunlariga ko‘ra, tovar ayirboshlash hajmi 4,5 milliard dollarga yetgan. Gidroenergetika va neft-gaz tarmog‘i, transport infratuzilmasini modernizatsiya qilish, iqtisodiyotning turli tarmoqlarida yuqori texnologiyali ishlab chiqarish korxonalari barpo etish sohalarida yirik sarmoyaviy loyihalar amalga oshirilmoqda.

Muhim mintaqaviy transport yo‘laklari — "O‘zbekiston — Qirg‘iziston — Xitoy" avtomobil va temir yo‘llarini rivojlantirish bo‘yicha hamkorlikdagi ishlar boshlab yuborilgan.

Madaniy-gumanitar, ilmiy va ta’lim sohalaridagi almashinuvlar kengaymoqda.

O‘zbekiston qishloq xo‘jalik ekinlarini yetishtirish bo‘yicha Xitoy tajribasini o‘rganadi
O‘z navbatida, Xitoy elchisi O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevga samimiy qabul uchun chuqur minnatdorlik bildirib, XXR Raisi Si Szinpinning salomi va ezgu tilaklarini yetkazdi.

Diplomat Xitoy o‘zaro munosabatlarga muhim ahamiyat qaratayotgani, O‘zbekiston bilan har tomonlama hamkorlikni yanada kengaytirish va mustahkamlash tarafdori ekanini alohida ta’kidladi.

Shavkat Mirziyoyev XXR elchisining har tomonlama strategik sheriklik munosabatlarini mustahkamlashga qo‘shgan ulkan hissasini inobatga olib, Sun Liszega Vatanimizning yuksak davlat mukofoti — "Do‘stlik" ordenini topshirdi.

Elchi Sun Lisze Mirziyoyevga uning faoliyatini yuksak baholagani va "Do‘stlik" ordeni bilan mukofotlagani, shuningdek, O‘zbekistonda XXR diplomatik missiyasi faoliyatiga berilayotgan har tomonlama ko‘mak uchun samimiy minnatdorlik bildirdi.

O‘zbekiston va Xitoy o‘rtasidagi ko‘p qirrali va o‘zaro manfaatli hamkorlikni rivojlantirishda bundan buyon ham faol ishtirok etish maqsadida ekanini ta’kidladi.