TOShKENT, 16 yanv – Sputnik. BugunOliy Majlisning Qonunchilik palatasida Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan murojaatnomasining asosiy mazmuni va mohiyatini keng ommaga yetkazish maqsadida jurnalistlar ishtirokida brifing bo‘lib o‘tdi, Sputnik muxbiri xabariga asosan.
Brifingda Oliy Majlis Senatining Tashqi siyosat masalalari qo‘mitasi raisi Sodiq Safoyev so‘zga chiqib qo‘yidagi fikrlarni bildirdi.
– Prezidentimizning “Xalq davlat idoralariga emas, balki davlat idoralari xalqimizga xizmat qilishi kerak” degan g‘oyasi asosida mamlakatimizda xalq bilan muloqotning o‘ziga xos tizimi yaratildi. Xalq bilan muloqotning bunday keng ko‘lamda joriy etilgani avval amaliyotda uchramagan tizimdir.
Shu jihatdan Davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga Murojaatnomasi faqat parlamentga emas, balki butun xalqimizga murojaati bo‘ldi. Bu juda keng ko‘lamli, tom ma’nodagi xalqchil ma’ruza xalq bilan muloqot qilishning yana bir o‘ziga xos shakli bo‘ldi.
Murojaanomadan keyin turli soha va kasb egalari, oddiy fuqarolar unga munosabatini bildirdi va bu jarayon hali davom etmoqda. Buning boisi unda hayotimizda mavjud bo‘lgan yutuq va kamchiliklar ro‘y-rost bayon qilingani, kelgusida amalga oshirish zarur bo‘lgan vazifalar aniq qo‘yilgani bilan bog‘liq.
To‘g‘risi, biz oldin faqat yutuqlar haqida gapirishga yoki ozgina muvaffaqiyatni ham kattaroq qilib ko‘rsatishga harakat qilib yoki buni gapirishni kimlardandir iltimos qilishga o‘rganib qolgandik.
Murojaatnomada hayot bilan bog‘liq aniq tashhis qo‘yilgani uning asosiy belgisi. Shu jihatdan Murojaatnoma yangi uyg‘onish davri boshlanganidan darak berdi. Shuning uchun ham bu nafaqat xalqimiz, balki butun dunyo jamoatchiligining e’tiborini tortdi.