Britaniyalik haykaltarosh Pol Dey: Islom Karimov haykali aksar yodgorliklardan farq qiladi

O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovga atab Moskvada o‘rnatiladigan yodgorlik muallifi, dunyoga mashhur britaniyalik haykaltarosh Pol Dey bo‘lajak yodgorlik haqida gapirib berdi
Sputnik

TOShKENT, 11 yanv – Sputnik. Islom Karimov nomidagi Respublika xayriya jamoatchilik fondi britaniyalik haykaltarosh,  O‘zbekiston Respublikasi davlat mustaqilligi asoschisi va Birinchi Prezidenti Islom Karimovga atab Moskvada o‘rnatiladigan yodgorlik muallifi bilan intervyuni taqdim etdi.

“Ushbu davlatning asoschisiga xotira yodgorligini yaratish zimmamga katta mas’uliyat yuklashini ta’kidlashni istardim. Mas’uliyat hissi ushbu yodgorlikni yaratishda muhim hal qiluvchi omil sanaladi. Birinchi Prezidentning shaxsiyati turli qirralarga ega. U avvalo inson, padari buzrukvor, umr yo‘ldosh, ayni chog‘da zamonaviy O‘zbekistonning otasi, xalqaro miqyosda e’tirof etilgan atoqli davlat arbobi. Men shu paytga qadar bunday ulkan ko‘lamdagi siyosiy arbobning haykalini yasamaganman”,  deydi u.

Uning aytishicha, Islom Karimov timsoli Samarqanddagi Registon maydoni manzarasida gavdalanadi. Haykal shohsupaga o‘rnatilmaydi, balki atrof-borliq bilan uyg‘unlik kasb etadi.

Pol Dey ushbu haykalni yaratishga kirishishdan oldin Prezidentning hayot yo‘lini anglash, mamlakat, Birinchi Prezident va uning vatani bilan ma’naviy-ruhiy aloqaga kirishish uchun Samarqandga kelib, bir muddat bu yerda bo‘lganini aytdi.

Lola va Tatyana Karimovalar ishchi tashrif bilan Moskvaga kelishdi

U yaratgan asarlar xalqaro miqyosda keng shuhrat qozongan bo‘lib, xususan, quyidagi mashhur haykaltaroshlik kompozitsiyalari alohida e’tirof etiladi: qirol Georg VI ning rafiqasi Yelizaveta xotirasiga atab o‘rnatilgan Ona Qirolicha haykali, Iroq va Afg‘onistondagi harbiy operatsiyalarda ishtirok etgan britaniyalik harbiy xizmatchilarga ehtirom ramzi sifatida yaratilgan “Iroq va Afg‘oniston” xotira yodgorligi, “Britaniya uchun jang” haykali, Londonning Sent Pankras stansiyasida bunyod etilgan “Uchrashuv joyi” bronza haykali.

Eslatib o‘tamiz, o‘tgan yilning may oyida O‘zbekistonning Birinchi Prezidenti Islom Karimovning qizi Lola Karimova-Tillayeva ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida onasi Tatyana Karimova bilan birgalikda Moskvaga tashrif buyurgani hamda haykaltarosh Pol Dey bilan Islom Karimov xiyoboni loyihasini muhokama qilishgani haqida ma’lum qilgandi.
Intervyu skulptora Pola Deya fondu im. Islama Karimova