O‘zbekistonda 1-apreldan gaz va elektr narxi oshadi

Aholi uchun tabiiy gazdan foydalanganlik uchun to‘lov narxi 10%ga, elektr energiyasi uchun 12 %ga oshadi
Sputnik

TOShKENT, 11 yanv — Sputnik. O‘zbekistonda 1-apreldan tabiiy gaz va elektr energiyasidan foydalanganlik uchun to‘lov narxi oshadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Bu haqda iqtisodiyot vaziri o‘rinbosari Mubin Mirzayev Xalqaro press-klub yig‘ilishida aytdi.

Ayrim toifadagi iste’molchilar uchun tabiiy gaz narxi deyarli 4 baravarga oshdi

"1 apreldan aholi uchun tabiiy gazdan foydalanganlik uchun to‘lov narxi 10%ga, elektr energiyasi uchun 12 %ga oshadi. Ushbu parametrlar inflyatsiya darajasidan kelib chiqqan holda davlat budjetiga kiritilgan", — dedi u.

Uning aytishicha, budjetda shuningdek, nafaqa, ijtimoiy to‘lov va ish haqi mamlakatdagi narxlar oshishiga mos holda o‘sib boradi.

"Biz har olti oyda ish haqi va boshqa to‘lovlar miqdorini ko‘rib chiqamiz va ularni inflyatsiya darajasiga muvofiq tarzda oshiramiz. Narxlar qanchalik ko‘tarilsa, aholining maoshi ham shunchalik oshadi. Bularning bari yangi budjetda ko‘zda tutilgan", — dedi vazir o‘rinbosari.

Eslatib o‘tamiz, ilgariroq O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Oliy Majlisga murojaatnomasida davlat budjeti loyihasini keskin tanqid qilgan va uni imzolamasligini aytgandi. Davlat rahbari hujjat xalq manfaatlarini ifodalashi lozimligini, uni har tomonlama va chuqur o‘rganib chiqqanidan keyingina imzolashini bildirgandi.