TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev O‘zbekiston Qurolli Kuchlar Akademiyasiga tashrif buyurdi, deb xabar qildi prezident matbuot xizmati.
Ma’lumki, prezident 2017-yil yanvar oyida Toshkent oliy umumqo‘shin qo‘mondonlik bilim yurtida bo‘lib, mazkur bilim yurti zamirida mutlaqo yangi Qurolli Kuchlar Akademiyasini tashkil etish bo‘yicha tegishli ko‘rsatmalar bergan edi.
Prezidentning 2017-yil 25-apreldagi qarori bilan Qurolli Kuchlar Akademiyasi qayta tashkil qilindi.
Butunlay zamonaviy qiyofa kasb etgan Akademiyada ta’lim jarayoniga eng yangi usul va texnologiyalar joriy etilgan. O‘quv auditoriyalari zamonaviy trenajorlar, o‘quv va laboratoriya asbob-uskunalari va kompyuter texnikasi bilan jihozlangan.
Prezident Akademiyada yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi. O‘quv xonalari, oshxona, kursantlar yotoqxonalarida bo‘lib, ularning ta’lim olishi, harbiy amaliyotlarni bajarishini ko‘zdan kechirdi. Davlat rahbari kursantlar bilan suhbatlashdi. Ularni O‘zbekiston Qurolli Kuchlari tashkil etilganining 26-yilligi bilan tabrikladi.