O‘zbekistonda pora talab qilgan jurnalist tezkor operatsiya yordamida qo‘lga olindi

2017 yil 19-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida N.Ashurov Farg‘ona shahridagi "Do‘stlik" mehmonxonasi yonida 800 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Toshkent shahrida ro‘yxatdan o‘tgan "Tafsilot-press" gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari N. Ashurov Farg‘onadagi tibbiyot muassasalari va bog‘chalarda zaxira rejasida ko‘rsatilgan hajmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yaratilmagani holatini gazetada yoritmaslik uchun 1ming 500 dollar AQSh dollari miqdorida pora talab qilgan, deb xabar qilmoqda O‘bekiston milliy axborot agentligi.

Ehtiyojmand va faol jurnalistlar imtiyozli asosda uy-joy bilan ta’minlanadi
Ta’kidlanishicha, Ashurov Farg‘ona viloyatidagi xalq ta’limi va tibbiyot muassasalarida kuz-qish mavsumiga tayyorgarlik holati, oziq-ovqat zaxirasini shakllantirish borasida amalga oshirilgan ishlar ahvolini o‘rganish maqsadida xizmat safariga yuboriladi. U Farg‘ona tumanidagi 32 va 3-maktabgacha ta’lim muassasalarida zaxira rejasida ko‘rsatilgan hajmda qishloq xo‘jaligi mahsulotlari zaxirasi yaratilmaganligi holatini matbuotda yoritmaslik evaziga tovlamachilik yo‘li bilan 1 ming 500 AQSh dollari talab qilgan.

Ashurovni qo‘lga olish uchun Bosh prokuratura huzuridagi Soliq, valyutaga oid jinoyatlarga va jinoiy daromadlarni legallashtirishga qarshi kurashish departamentning Farg‘ona viloyati boshqarmasi, Farg‘ona shahar va Farg‘ona tuman bo‘limi xodimlari, Milliy xavfsizlik xizmati Farg‘ona tumani bo‘limi xodimlari jalb qilingan.

2017 yil 19-dekabr kuni o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida N.Ashurov Farg‘ona shahridagi "Do‘stlik" mehmonxonasi yonida 800 AQSh dollarini olgan vaqtda ushlangan.

Ayni kunlarda mazkur holat yuzasidan "Tafsilot-Press" gazetasi bosh muharriri o‘rinbosari N.Ashurovga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat Kodeksining 165-moddasi 2-qismi "a" bandi bo‘yicha jinoyat ishi qo‘zg‘atilib, tergov-surishtiruv ishlari olib borilmoqda.