2018 yilgi Davlat dasturi loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi

2018 yilgi Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasi uchun e’lon qilindi. 15-yanvargacha davom etadigan muhokamalarda barcha xohlovchilar qatnashishi mumkin
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. "Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" Davlat dasturi loyihasi keng jamoatchilik muhokamasiga qo‘yildi. Muhokama 15-yanvarga qadar davom etadi, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekiston rivojlanish strategiyasiga 6 mingdan ortiq fuqaro o‘z takliflarini kiritdi
Davlat dasturi 237 ta bandni o‘z ichiga olgan bo‘lib, unda O‘zbekiston Prezidentining 22-dekabrdagi parlamentga murojaatnomasi, shuningdek 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan maqsad g‘oya va vazifalar o‘z aksini topgan.

Keng jamoatchilik vakillari, mahalliy va xalqaro ekspertlar ishtirokida bo‘lib o‘tadigan muhokamalarda turli anjumanlar va davra suhbatlari o‘tkaziladi. Shuningdek, muhokamalar OAVlar va ijtimoiy tarmoqlarda ham muntazam o‘tkazib borilishi aytilmoqda.

Jamoat muhokamasi va kelib tushgan takliflar yakunlari bo‘yicha Davlat dasturining takomillashtirilgan loyihasi tayyorlanadi.