2018 yil 1-aprelgacha Toshkentda propiskasiz ishga qabul qilinishi mumkin

Dasturga asosan, fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlari ta’minlanishi kutilyapti
Sputnik

TOShKENT, 10 yanv — Sputnik. Fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning respublika hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlari ta’minlanishi kutilyapti, deb xabar qildi Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

O‘zbekiston hududida yashash, harakatlanish uchun pasport o‘rniga ID-karta joriy etilishi mumkin

"Faol tadbirkorlik, innovatsion g‘oyalar va texnologiyalarni qo‘llab-quvvatlash yili" Davlat dasturi loyihasi 15-yanvarga qadar umumxalq muhokamasiga taqdim etilgani haqida xabar bergan edik.

Ushbu dasturga asosan, fuqarolarni doimiy va vaqtincha ro‘yxatga qo‘yish (hisobga olish) tartibini soddalashtirish, ularning mamlakat hududida erkin harakatlanish hamda mehnat qilish huquqlari ta’minlanishi kutilyapti.

Xususan, loyihada vaqtincha yoki doimiy propiskasiz fuqarolarni ishga qabul qilishni rad etish bilan bog‘liq amaliyotga barham beriladi.

Mehnat munosabatlari jarayonida pasport tizimi qoidalariga rioya etmaganlik uchun ish beruvchining ma’muriy javobgarligi bekor qilinadi. Shuningdek, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yoxud turgan joyi bo‘yicha hisobda turmasdan yashaganlik, yashashga yo‘l qo‘yganlik uchun ma’muriy jazo choralarini yengillashtirish nazarda tutiladi.

Mehnat vazirligi 2018-yildagi rejalarini e’lon qildi

Bundan tashqari, mavsumiy ishlarga jalb qilinganlarni vaqtinchalik ro‘yxatga olish tizimi soddalashtiriladi, ular uchun uy-joy ijarasi, uy-joydan tekin foydalanish shartnomalarini tuzish talabi bekor qilinadi.

Pasport olish, ta’lim olish, mehnat qilish va boshqa konstitutsiyaviy huquqlarni amalga oshirishda propiska bilan bog‘liq cheklovlar bartaraf qilinadi.

Ushbu hujjatga mas’ul idoralar — Adliya, Ichki ishlar, Bandlik va mehnat munosabatlari vazirliklari hamda Bosh prokuratura belgilandi.

Ushbu xabarga Facebookdagi "Xalq bilan muloqot/Dialog s narodom" guruhida ayrim mushtariylar quyidagi izohlar yozishgan:

"Har bir O‘zbekiston fuqarosi O‘zbekiston hududida yashash va mehnat kilish huquqiga ega-deb yozilgan Konstitutsiyada, nimaga o‘shanda Toshkent shahridan tashqari deb yozilmagan", — deb yozgan Hazrat Rashidov.

2018 yilgi Davlat dasturi loyihasi xalq muhokamasiga qo‘yildi

Muxammadrizo Rivojiddinov esa "Yengillashtirilsa yaxshida baribir", degan fikrni qoldirgan.

"Agar shu muammo hal etilsa, zo‘r ish bo‘lardi, axir Toshkent boshqa davlatmasku, ochib qo‘yilsa, chunki keyin odamlarda qiziqishi qolmaydi, hamma viloyatliklar ham Toshkentga kelishni xohlamaydi, kelganlari baribir yuribdiku ishlab propiskasiz ham", — degan Kaxramon Azizov.

To‘lqin Yuldashev esa propiska borligi davlatni iqtisodi oqsashidan dalolat, deya fikr bildirgan.

"Hamma Toshkentga kelib olishi — urbanizatsiyani ko‘payishi bu yomon, barcha viloyatlarda yashash hayot tarzini yuqori qilib, ish joylar tashkil etib, munosib oylik maoshlarni oshirish kerak, ammo yana bu ishlar iqtisodga borib taqaladi, iqtisod esa oqsoqlamoqda", — degan u.