O‘zbekistonning ayrim hududlarida bog‘cha uchun to‘lov puli pasaytirildi

Toshkent shahri uchun alohida, viloyat markazlari uchun alohida hamda viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar uchun alohida to‘lov miqdorlari belgilandi
Sputnik

TOShKENT, 9 yanv – Sputnik. 2018-yil 1-yanvardan maktabgacha ta’lim muassasalari tarbiyalanuvchi bolalar uchun ota-onalar tomonidan to‘lanadigan to‘lov miqdori o‘zgardi. Bu haqda Maktabgacha ta’lim vazirligi matbuot xizmati ma’lum qildi.

O‘zbekistonda Koreya modeli asosida bog‘chalar quriladi

Toshkent shahri uchun alohida, viloyat markazlari uchun alohida hamda viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlar uchun alohida to‘lov miqdorlari belgilandi.

Shuningdek, tuman markazlari va qishloq joylarda joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalari uchun ham alohida to‘lov miqdorlari joriy etildi.

Xususan, 9 soatli guruhlar uchun to‘lov miqdori qishloq joylarda 33 foizga, tuman markazlarida 5 foizga, viloyatga bo‘ysunuvchi shaharlarda 9 foizga, viloyat markazlarida 1 foizga pasaytirildi.

Bundan tashqari, Qoraqalpog‘iston Respublikasi va Xorazm viloyatida joylashgan maktabgacha ta’lim muassasalarida hamda Navoiy viloyatining Tomdi, Uchquduq, Konimex, Nurota tumanlari va Zarafshon shahrida ham ota-ona to‘lovlari respublika bo‘yicha belgilangan to‘lov miqdoriga nisbatan ikki barobar arzonlashtirildi.

Toshkent shahrida to‘lov miqdorining bir oz oshirilishi esa tarbiyalanuvchilarga beriladigan oziq-ovqatlar narxlarining oshganligi bilan izohlanadi.