Toshkent yuridik kolleji sobiq direktori qonun oldida javob beradi - Prokuratura

Mazkur jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanayotgan N.Temirovaga nisbatan 2017-yil 25-noyabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan
Sputnik

TOShKENT, 9 yanv — Sputnik. Toshkent yuridik kolleji sobiq direktori qonun oldida javob beradi. Bu haqda O‘zA muxbiriga O‘zbekiston Respublikasi Bosh prokuraturasi jamoatchilik bilan aloqalar va huquqiy axborot bo‘limi boshlig‘i Gulnoza Rahimova ma’lum qilgan.

Eslatib o‘tamiz, Toshkent yuridik kolleji o‘quvchilari dars vaqtida kollej hovlisida o‘zaro janjallashib, pichoqbozlik qilishi oqibatida ularning biri vafot etgani, biri esa og‘ir tan jarohati olgani ko‘pchilikning qalbini larzaga solgan edi.

Toshkent yuridik kollejini maxsus komissiya tekshiradi - Vazirlar Mahkamasi qarori
O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev ham bu voqeaga e’tibor qaratib, kollej sobiq direktori Temirova ushbu holatga yo‘l qo‘ygani hamda juda ko‘p miqdorda kollej mablag‘larini o‘zlashtirish, mansabini suiiste’mol qilish kabi jinoyatlarni sodir etgani uchun bugun qonun oldida javob berapti, deb qayd etgan.

"Haqiqatan ham sodir bo‘lgan mudhish voqeadan keyin Toshkent shahar prokuraturasi tomonidan mazkur kollejda tekshirish o‘tkazildi. Natijada bu o‘quv maskanida boshqa jinoyatlar sodir bo‘layotgani ham aniqlandi va jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Surishtiruv davomida kollej sobiq direktori Natalya Temirova va boshqalar davlat budjeti mablag‘larini yirik miqdorda talon-taroj qilish, yuridik kollejga noqonuniy yo‘l bilan o‘qishga kirgan talabalarga diplomlar berish kabi holatlarga yo‘l qo‘ygani ma’lum bo‘ldi", — deb ta’kidlagan Rahimova.

Mazkur jinoyat ishiga aloqador bo‘lgan hamda O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining tegishli moddalari bilan ayblanayotgan N.Temirovaga nisbatan 2017-yil 25-noyabr kuni qamoqqa olish ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlari davom etmoqda.