Arab shayxlari ov qilish uchun har yili O‘zbekistonga keladi

Shayxlar o‘zlarining oila a’zolari, oshpazlari, ovchilari, xizmatchilari jami yuz-yuz ellik nafar kishi bilan chodir qurib, ov mavsumi o‘tkazib turadi. Arablar asosan ovchi qush - lochin yordamida tuvaloq ovlashni an’ana qilib olgan
Sputnik

TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Dubay shayxlari ov mavsumini o‘tkazish uchun har yili Qoraqalpog‘istonga keladi. Ular ruxsatnoma asosida O‘zbekiston Qizil kitobiga kiritilgan qushlar bilan hayvonlarni ov qiladi, deb xabar berdi Qoraqalpog‘iston Respublikasi ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi.

Qirg‘izistonda ruxsatsiz ov qilgan arab sayyohlar qidirilmoqda
Shayxlar o‘zlarining oila a’zolari, oshpazlari, ovchilari, xizmatchilari jami yuz-yuz ellik nafar kishi bilan chodir qurib, ov mavsumi o‘tkazib turadi. Arablar asosan ovchi qush — lochin yordamida tuvaloq ovlashni an’ana qilib olgan.

Ovchi-shayxlar ko‘zlari yashirilgan lochin qushini qo‘liga tutib, tuvaloqni ko‘rganda lochinning ko‘zlarini ochadi va shu tarzda tuvaloqlar ovlanadi. Ba’zilar arablarning bu qushni ovlashini Qirollar ovi, ularning milliy qadriyati desa, ayrimlar tuvaloq go‘shti va suyagi inson salomatligini tetiklashtiradigan, quvvatini oshiradigan xususiyatga ega deb hisoblaydi.

Tuvaloq qushlari Qoraqalpog‘istonning Usturt yassi tekisligida, Janubi-sharqiy Qizilqumda, Zarafshon vohasi, Surxondaryo, Sheroboddarolarning quyi qismlarida, Mirzacho‘l va Dalvarzin cho‘llarida, Nurota tog‘ etaklarida uchraydi.

Tuvaloq qushi Vazirlar Mahkamasining "Biologik resurslardan foydalanishni tartibga solish va tabiatdan foydalanish sohasida ruxsat berish tartib-taomillaridan o‘tish tartibi to‘g‘risida"gi qaroriga muvofiq noyob va yo‘q bo‘lib ketish xavfi ostidagi turlar safiga kirgizilgan.

Xorijiy fuqarolar va yuridik shaxslar uchun qushning donasi 6000 AQSh dollari miqdorida belgilangan.

Manbalarda arablar ov paytida tartiblarga jiddiy amal qilishi haqida aytiladi. Ular brakonyerler va boshqa ovchilar kabi ochko‘zlik qilmay, faqat belgilangan meyorda ov qilishni odat etgan. Ular bu qushlarning yo‘q bo‘lib borayotganini yaxshi tushunadi. Shu sababli ular mablag‘ ajratib, nafaqat o‘z yurtida, balki boshqa mamlakatlarda ham pitomniklar tashkil qiladi. O‘zbekistonda bunday pitomniklar Buxoro va Navoiy viloyatlarida mavjud.