Halol soliq to‘lovchilarga ikki yilgacha soliq ta’tillari beriladi

Oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib kelgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar halol soliq to‘lovchilar hisoblanadi
Sputnik

TOShKENT, 8 yanv – Sputnik. O‘zbekistonda 2018-yildan boshlab vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga uchragan xo‘jalik yurituvchi subyektlarga ikki yilgacha soliq ta’tillari beriladi.

Yuridik shaxslar uchun daromad soliqlari umumlashtirildi

O‘zbekiston Respublikasining 2017-yil 30-dekabrdagi qonuni bilan 5 ta qonunga, jumladan Soliq kodeksiga o‘zgartirish va qo‘shimchalar kiritildi. Qonun matni mahalliy matbuotda e’lon qilindi.

Hujjatga muvofiq, vaqtinchalik moliyaviy qiyinchiliklarga duch kelgan halol soliq to‘lovchilarga soliq ta’tillari tegishli qaror qabul qilingan kundan e’tiboran yigirma to‘rt oygacha bo‘lgan muddatga soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lashni kechiktirish va (yoki) bo‘lib-bo‘lib to‘lash, soliq majburiyatlarini bajarish muddatlarini o‘zgartirish ko‘rinishida taqdim etiladi.

Oxirgi ikki yil ichida soliq majburiyatlarini o‘z vaqtida va to‘liq bajarib kelgan xo‘jalik yurituvchi subyektlar halol soliq to‘lovchilar hisoblanadi.

Eslatib o‘tamiz, prezident Shavkat Mirziyoyev 2017-yil 18-iyulda "Soliq ma’muriyatchiligini tubdan takomillashtirish, soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarning yig‘iluvchanligini oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi farmonni imzolagandi.