Turobjon Jo‘rayev rahbarlarga ularning javobgarligi haqida eslatdi

Samarqand viloyati hokimi - hokimlar barcha sohalar uchun, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasi uchun javobgardir va bu haqda doimiy ravishda xalqga hisobot berib borishi lozim, degan fikrda
Sputnik

TOShKENT, 8 yanv — Sputnik. Samarqand viloyati hokimi Turobjon Jo‘rayev O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyevning parlamentga qilgan murojaatnomasiga doir fikrlarini bildirar ekan, hokimlarga berilgan vakolat bu yuksak mas’uliyat va majburiyat ekanligini qayd etdi, deb xabar qilmoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.

Mirziyeyov hokimlar vakolatlari haqida aytib o‘tdi
"Muhtaram Prezidentimizning Oliy Majlisga Murojaatnomasi yurtimiz jamoatchiligi tomonidan mamlakatimizning demokratik rivojlanishi sari dadil qadam, deb e’tirof etilmoqda.

Murojaatnomada har bir yo‘nalish bo‘yicha belgilangan vazifalar, topshiriqlar, Konstitutsiyamizda belgilangan tamoyillardan kelib chiqqan.

Jumladan, Murojaatnomada viloyat, tuman, shahar hokimlari Prezidentning joylardagi vakillari sifatida eslatilishi ham Bosh Qonunimizda aniq belgilab qo‘yilgan.

Prezidentimizning biz, hokimlarga keng vakolatlar berishi bu, avvalo, yuksak mas’uliyat va majburiyatdir. Bunday vakolatga ega bo‘lgan rahbar o‘sha hududdagi barcha sohalar uchun, ijtimoiy-iqtisodiy islohotlar natijasi uchun javobgardir va bu haqda doimiy ravishda xalqimizga hisobot berib borishimiz lozim. Buni har bir hokim unutmasligi kerak", — deydi Jo‘rayev.