Turkiya nashri Shavkat Mirziyoyevni dunyoni o‘zgartirayotgan yetakchi 10 rahbar reytingiga kiritdi

"Derin Ekonomi" jurnali tomonidan chop etilgan ushbu maqola dunyoning o‘nlab OAVlari tomonidan ko‘chirib bosildi.
Sputnik

TOShKENT, 6 yanv — Sputnik. Turkiyaning yetakchi iqtisodiy nashrlaridan biri bo‘lgan "Derin Ekonomi" jurnali sharhlovchilari O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevni o‘z mamlakati va mintaqasidagi vaziyatlar o‘zgarishiga sezilarli ta’sir ko‘rsatishga qodir bo‘lgan jahonning birinchi o‘n nafar yetakchisi ro‘yxatiga kiritdilar, deb xabar qilmoqda "Jahon" axborot agentligi.

Mazkur ro‘yxatdan muhim ahamiyatga molik qarorlari bilan o‘z mamlakatlari va mintaqalaridagi mavjud vaziyatni o‘zgartirib yuboradigan va bu bilan xalqaro maydondagi vaziyatga faol ta’sir ko‘rsatadigan hamda jahon ommaviy axborot vositalarining "nyusmeykeri", ya’ni ularning diqqat-e’tibori obyekti bo‘lib qolayotgan yetakchilar nomlari joy oldi.

Ular orasida Saudiya Arabistoni voris shahzodasi Muhammad bin Salmon, Janubiy Koreya yangi prezidenti Mun Chje In, BAA tashqi ishlar vaziri Abdulla ben Zayd al-Naxayan, FBR rahbari Robert Muller, AQSh prezidenti bosh maslahatchisi Jared Kushner (Trampning kuyovi) va  va boshqalar kiritildi.

Jurnal mutaxassislarning qayd etishlaricha, Shavkat Mirziyoyev mamlakatni yalpi liberallashtirish, "har yerda hoziru nozir" bo‘lgan huquq-tartibot idoralari faoliyatini tartibga solish, diniy e’tiqod erkinligini ta’minlashga qaratilgan chuqur islohotlarni hayotga tadbiq etmoqda.

Shavkat Mirziyoyev - yil odami

Ta’kidlanganidek, yangi rahbariyat boshchiligida O‘zbekistonda mamlakatni amalda erkin bozor sari harakatlantirishga hamda tashqi savdo va valyuta siyosatini liberallashtirishga yo‘naltirilgan o‘ta muhim qarorlar qabul qilingani xorijlik sarmoyadorlar uchun respublikaning jozibadorligini oshirdi.

Boshqa davlatlar, birinchi navbatda, qo‘shni mamlakatlar bilan o‘zaro munosabatlarni tubdan yaxshilash yo‘lini tutgani Shavkat Mirziyoyevning O‘zbekiston Prezidenti lavozimidagi eng katta e’tiborga munosib qadamlaridan biri bo‘ldi.

Turk nashrlarida qayd etilishicha, mazkur reytingdan joy olgan o‘n mamlakat yetakchilarining ismi shariflari, ehtimol, shu paytga qadar jahon hamjamiyati uchun taniqli bo‘lmagan, biroq 2018-yili ular "har bir kishiga o‘zlarini tanitishadi".

"Derin Ekonomi" jurnali reytingi Turkiyadagi boshqa bir yetakchi nashr — "Yeni Şafak" gazetasi hamdan dunyoning o‘nlab boshqa OAVlari tomonidan ham ko‘chirib bosildi.