O‘zbekistonda suyultirilgan gaz yagona narxda sotiladi

Vazirlar Mahkamasining yangi qaroriga binoan, aholiga gaz ballonlarida yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz narxi avgust oyidan boshlab 1 kilogrammiga 800 so‘mdan belgilandi.
Sputnik

TOShKENT, 5 yanv – Sputnik. O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi 29-dekabrda qabul qilgan 1033-sonli qaroriga binoan, aholiga yetkazib berilayotgan suyultirilgan gazning chakana narxlari oshiriladi.

Yangi narxlar ikki bosqichda kiritiladi:

"O‘ztransgaz" O‘zbekiston aholisini 1-dekabrgacha gaz ballonlar bilan ta’minlashga va’da berdi

2018 yilning 1-apreldan boshlab suyultirilgan gazning chakana narxi Qoraqalpog‘iston va Xorazm uchun 1 kilogrammiga – 720 so‘m, Andijon, Namangan, Farg‘ona va Toshkent viloyatlari uchun – 700 so‘m boshqa viloyatlar uchun esa – 500 so‘m miqdorida belgilanadi;   

2018 yilning 1-avgustidan boshlab esa – suyultirilgan gaz barcha viloyatlarda 1 kilogrammiga 800 so‘mdan sotila boshlaydi.

Kelajakda esa suyultirilgan gazning chakana narxi aholiga yetkazib berilayotgan tabiiy gaz narxiga mutanosib ravishda o‘zgartirib boriladi.

Ayni damda, aholiga maishiy ehtiyoj uchun yetkazib berilayotgan suyultirilgan gaz turli viloyatlarda 1 kilogramiga 327 so‘mdan 720 so‘mgacha sotilmoqda.

Eslatib o‘tamiz, bugungi kunda O‘zbekistonda aholisi foydalanayotgan suyultirilgan gaz ballonlari soni 3,7 milliondan donadan ortiq. O‘tgan yilda gaz ballonlariga xizmat ko‘rsatish uchun qo‘shimcha 40 ta maxsus servis markazlar tashkil qilingan va maxsus avtomobillar sotib olingan edi.