Mirziyoyev antidoping agentligini tuzish haqida qarorni imzoladi

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi zimmasiga Butunjahon antidoping agentligining antidoping boshqaruvi va menejmenti (ADAMS) maxsus dasturini respublikada joriy etish va qo‘llash mas’uliyati yuklatilgan
Sputnik

TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev "O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi faoliyatini tashkil etish to‘g‘risida"gi Qarorni imzoladi, deb xabar qildi Sputnik muxbiri.

Prezident sport sohasidagi kamchiliklarni tanqid qildi
Mazkur qaror sog‘lom va halol sportni targ‘ibot qilish hamda Butunjahon antidoping agentligining kodeks va standartlarini O‘zbekistonda samarali amalga oshirish, O‘zbekiston sportchilarining 2020-yil Tokio shahrida (Yaponiya) bo‘lib o‘tadigan XXXII yozgi Olimpiya va XVI Paralimpiya o‘yinlariga tayyorgarligiga barcha shart-sharoitlarni yaratishga qaratilgan.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Milliy antidoping agentligi zimmasiga Butunjahon antidoping agentligining antidoping boshqaruvi va menejmenti (ADAMS) maxsus dasturini respublikada joriy etish va qo‘llash mas’uliyati yuklatilgan.

Mazkur dastur orqali Agentlikni faoliyatini samarali tashkil etish va butunjahon tezkor ma’lumotlar bazasi axborotlaridan foydalanish imkoniyati yaratiladi hamda musobaqa va musobaqalardan tashqari bo‘lgan davr mobaynida doping-test jarayonlaridan O‘zbekiston sportchilari o‘tishi to‘g‘risida aniq axborot shakllanadi va doping-nazorat tizimi tashkil etiladi. Ayniqsa, O‘zbekiston sportchilari dori vositalaridan terapevtik maqsadlarda foydalanishi va taqiqlangan dori vositalaridan foydalanmasligi to‘g‘risida aniq tavsiyalar berish mexanizmi va samarali antidoping tizimi joriy etiladi.

Tarixiy murojaatnomadan iqtiboslar
Qaror bilan, shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi Milliy olimpiya qo‘mitasi huzuridagi Respublika sport tibbiyoti ilmiy-amaliy markazining "Milliy antidoping xizmati" negizida "Sport psixologiyasi bo‘limi"ni tashkil etish ko‘zda tutilgan. Shuningdek, Agentlik tarkibida 3 ta bo‘lim va 2 ta komissiya tashkil etilishi natijasida sportchilar, murabbiylar, sport tibbiyoti xodimlari va boshqa mutaxassislarga sog‘lom va halol sportni targ‘iboti hamda taqiqlangan dori vositalari yoki uslublar nazoratini ta’minlash kabi dopingga qarshi kurashish borasidagi qator muhim vazifalarni amalga oshirish belgilab berilgan.

Bu borada Agentlikka doping orqali sportchilarga yetkaziladigan zarar, inson sog‘lig‘i uchun doping qabul qilishning salbiy oqibatlari to‘g‘risida sport jamoatchiligini xabardor etish, Butunjahon antidoping agentligining dasturlari va loyihalarini amalga oshirish, halqaro tashkilotlar bilan aloqalarni mustahkamlash va rivojlantirishga alohida e’tibor qaratish zarurligi belgilangan.