Toshkent-Chimkent-Toshkent avtobusi qatnovi 5-yanvar kuni yo‘lga qo‘yiladi

Ushbu marshrutning umumiy masofasi 145,2 km bo‘lib, manzilga uch soatda yetib boriladi
Sputnik

TOShKENT, 3 yanv — Sputnik. O‘zbekiston va Qozog‘iston 5-yanvar kuni Toshkent-Chimkent-Toshkent yo‘nalishi bo‘yicha to‘g‘ridan-to‘g‘ri avtobus qatnovini yo‘lga qo‘yadi, deb xabar berdi Sputnik muxbiri.

Qozog‘iston parlamenti O‘zbekistonga avtobus yo‘nalishlari ochilishini ma’qulladi

Shu kuni ilk reys amalga oshiriladi. Kelgusida har kuni ertalab soat 6dan 20gacha bir soat oraliqda muntazam reyslar yo‘lga qo‘yiladi. Avtobuslar “Toshkent” (O‘zbekiston) va “Chimkent” (Qozog‘iston) avtovokzallaridan qatnaydi.

"Ushbu marshrutning umumiy masofasi 145,2 km bo‘lib, manzilga uch soatda yetib boriladi. Avtobus va yo‘lovchilar “G‘ishtko‘prik” (O‘zbekiston) va "Jibek Joli" (Qozog‘iston)" nazorat-o‘tkazuv punktlari orqali o‘tadi”, — deb ma’lum qildi O‘zbekiston Avtomobil va daryo transporti agentligidagi manba.

Avtobus va yo‘lovchilar hamda ularning yuklari bojxona va chegara punktidan navbatsiz, piyoda o‘tuvchilar oqimidan alohida tartibda birinchi navbatda o‘tkaziladi.

Eslatib o‘tamiz, 2017-yil 17-noyabrda O‘zbekiston va Qozog‘iston o‘rtasida xalqaro avtomobil qatnovi to‘g‘risidagi hukumatlararo bitimga tegishli o‘zgartirishlar kiritish bo‘yicha bayonnoma kuchga kirgandi.