Qora avtomobillar Turkmanistonda ta’qiqlandi

Turkmaniston poytaxti Ashxobod shahrida qora rangdagi avtomobillar jarima maydonchalariga evakuatsiya qilinmoqda. Mashinalar ularni oq yoki boshqa ochiq rangga bo‘yash sharti bilan qaytarilmoqda
Sputnik

TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. Turkmanistonda 2018-yilning yanvar oyidan boshlab qora rangdagi avtomobillar boshqaruvi ta’qiqlandi, deb xabar qilmoqda "Xronika Turkmenistana" nashri.

Turkmaniston prezidenti merganlik bo‘yicha harbiylarga dars o‘tdi
Mamlakat hukumati 2015-yildayoq qora rangdagi avtomobillarni olib kirishga ta’qiq kiritgan edi. Endilikda qora rangdagi mashinalar ko‘chalardan to‘ppa-to‘g‘ri yo‘l politsiyasi jarima maydonchalariga evakuatsiya qilinmoqda.

Joriy etilgan yangi talablar tufayli avtoservislarda avtomobillarni qayta bo‘yash xizmatlari narxi ikki barobarga oshgan. Agar ilgari mashinani bo‘yatish 500 dollar turgan bo‘lsa, hozirda bu 1000 dollarga tushmoqda.

Turkmaniston hukumati ushbu ta’qiq sabablarini izohlay olgani yo‘q, deb yozgan nashr. Savollar va e’tirozlarga ular faqatgina "oq rangdagi mashinalarni xarid qilish kerak, chunki oq rang omad keltiradi", — deya javob qaytarishayotgani ma’lum.

Nashr shuningdek, oq rang — irimlarga ishonadigan Turkmaniston prezidenti Gurbanguli Berdimuhammedovning sevimli rangi ekanligini keltirib o‘tgan.