Chet elga chiqish pasporti qachon joriy etilishi aytildi

O‘zbekiston Ichki ishlar vazirligi Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i chet elga chiqish pasporti qachondan joriy etilishi va muddati o‘tgan pasportdan foydalanish qanday oqibatlarga olib kelishi haqida ma’lumot berdi
Sputnik

TOShKENT, 2 yanv — Sputnik. O‘zbekiston IIV Migratsiya va fuqarolikni rasmiylashtirish bosh boshqarmasi boshlig‘i, polkovnik B.Shariksiyev chet elga chiqish pasporti qachon joriy etilishi, uning berilish tartibi to‘g‘risida izoh berdi, deb xabar qildi IIV matbuot-xizmati.

Prezident qarori: xorijga chiqish pasporti va stikerlar haqida
Shariksiyevga ko‘ra, O‘zbekiston prezidentining 2017-yil 16-avgustdagi "O‘zbekiston Respublikasi fuqarolarini chet elga chiqish pasportini joriy etish to‘g‘risida"gi farmoniga asosan 2019-yilning 1-yanvar kunidan O‘zbekiston fuqarolariga chet elga chiqishlari uchun "chet elga chiqish pasporti" joriy etiladi.

Ushbu chet elga chiqish pasporti bilan xujjatlashtirilgan O‘zbekiston fuqarolariga chet elga chiqish ruxsat yozuvi talab etilmaydi.

Polkovnik, shuningdek, muddati o‘tib ketgan pasportdan foydalanish oqibatlari haqida ham to‘xtalib o‘tdi.

"O‘zbekiston Respublikasi Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi Kodeksning 223-moddasi 1-qismida pasporti shart bo‘lgan fuqaroning pasportsiz yoki haqiqiy bo‘lmagan pasport bilan, vaqtincha yoki doimiy propiskasiz yashashi, pasportni qasddan yaroqsizlantirishi, shuningdek pasportni beparvolik bilan saqlashi va buning oqibatida pasportni yo‘qolishi-eng kam ish haqining yarim baravaridan uch baravarigacha miqdorida jarima solishga sabab bo‘lishi belgilangan", — dedi Shariksiyev.