Bir pul, qo‘l uchida, yetti o‘lchab: o‘zbekona iboralar ma’nosini bilasizmi?

© Sputnik / Yevgeniy Odinokov / Mediabankka o‘tishKitob
Kitob - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 14.07.2023
Obuna bo‘lish
“O‘zbekning o‘z so‘zlari” ruknining navbatdagi soni yeng shimarib, qo‘l uchida, bel bog‘lab, podadan oldin chang chiqarmoq, bir pul, uch pullik kabi iboralarga bag‘ishlangan.
Madaniyat — xalqning eng katta narsasi. U xalqning ba’zan shirin, ba’zan achchiq kechgan turmush tajribalari, uzoq va yaqin tarixi, ming yillik urf-odatlari zamirida yaralgan. Xalq va madaniyat shu tarzda bahamjihat, biri ikkinchisidan kuch olib yashaydi. Tabiiyki, xalq o‘zining bu jarayonlarda topganini so‘zlar, iboralar, maqolu matallarga muhrlaydi. O‘zbekona iboralarda xalqimizning hayotga, hayot hodisalariga munosabati hayratlanarli darajada aniq, mantiqan raso aks etadiki, bizningcha, bu – xalqning o‘z ko‘rgan-kechirganlari asosida xulosaga kelgani – “yetti o‘lchab bir kesgani”dan. O‘zbek tilidagi yeng shimarib, qo‘l uchida, bel bog‘lab, podadan oldin chang chiqarmoq, bir pul, uch pullik iboralari o‘zbek xalqi sinchilik salohiyatining ana shunday namunalaridir. Bu galgi maqolamizda o‘zbek xalqining turmush tajribalarini aniq aks ettiradigan bir necha iboralarning paydo bo‘lishi va ma’no nozikliklariga to‘xtalamiz.

Yeng shimarib

“Astoydil, jon-jahdi bilan” ma’nosini bildiradi. Bu iboraning yuzaga kelishi xalqimizning kiyinish madaniyati bilan bog‘liq.
Ma’lumki, avval yengi kalta kiyim kiyish urf bo‘lmagan, ayniqsa, o‘zbek ayollari kiyimlarining yengi, shar’iy qoidalarga ko‘ra, qo‘l barmoqlari boshlanadigan joygacha bo‘lgan. Shu sababli biror yumush bajarishdan oldin kir bo‘lmasligi, xalaqit qilmasligi uchun kiyim yengi shimarib olingan. Masalan, “Nusratilla pochcha yeng shimarib, oshga qo‘l uzatdi” (Murod Mansur, Judolik diyori), “Asqaralining kelini yeng shimarib tappi yopardi” (Tohir Malik, Devona) gaplarida qahramonlar, haqiqatan, kiyim yengini shimarib ishga kirishgan. Ammo keyinchalik kiyimlar yengi qisqargach, yengil-yelpi ishlarni bajarish uchun, deylik, ko‘ylak yengini shimarish shart bo‘lmay qolgan. Natijada yeng shimarib birikmasi ko‘chma ma’noda qo‘llanishni boshlagan va shu ko‘chma ma’nosi bilan birga iboralashgan. Masalan: Bugun, shanba kuni, ertalabdan tahririyatga kelib, yeng shimarib ishlab o‘tirsam, qo‘ng‘iroq bo‘lib qoldi. (A.Meliboyev, Qirq beshinchi bekat) jumlasida biron-bir yumushni “astoydil, jon-jahdi bilan” qilmoq ma’nosida kelgan.

Qo‘l uchida

1) “astoydil emas, istar-istamas; shunchaki, yuzaki”; 2) “nochor ahvolda, kambag‘alchilik bilan” ma’nolarini bildiradi.
Bu iboraning yuzaga kelishi ham xalqimizning kiyinish madaniyati bilan bog‘liq. Yengi kalta kiyim kiyish urf bo‘lmay qolgan, ayniqsa, o‘zbek ayollari kiyimlarining yengi, shar’iy qoidalarga ko‘ra, qo‘l barmoqlari boshlanadigan joygacha bo‘lgan vaqtlarda yengil-yelpi yumushlar kiyim yengini shimarmay, qo‘l uchida ham qilingan. Hozir ham qo‘l uchida ish qilish mumkin. Masalan, “Usta Oqilbekka ham bir-ikki yumush buyurdi. Oqilbek moy tegmasin, degan maqsadda qo‘l uchida bajarsa ham tanbeh bermadi” jumlasida qo‘l uchida birikmasi ko‘chma ma’noda qo‘llanmagan, haqiqatan, qo‘lning uchida qilingan ish-harakatni bildirmoqda. Ammo hozirgi kunda faqat qo‘lning uch qismi bilan qilinadigan jismoniy mehnatni emas, har qanday xatti-harakatni “nomiga, istab-istamay, shunchaki, yuzaki” bajarish holatiga nisbatan qo‘luchida iborasi qo‘llanadi. Masalan: O‘zbeklarda salom-alikdan keyin “hormanglar”, deb qo‘yish fazilati borligini unutgan Kesakpolvon u bilan qo‘l uchida, mensimagan tarzda ko‘rishib: – Ha, ishlar ketaptimi? – deb so‘radi. (Tohir Malik, Shaytanat)
Qo‘l uchida birikmasi iboralashib bo‘lgandan ma’lum vaqt o‘tgach, yana bir ko‘chma ma’no paydo bo‘lgan. Quyidagi jumlada qo‘l uchida iborasi ana shunday ko‘chma ma’noda – “nochor ahvolda, kambag‘alchilik bilan” ifodasida kelgan: Qo‘l uchida amal-taqal kun ko‘rayotgan xonadon uchun sarf-xarajati kattagina bir to‘ydan ham oshib ketguvchi “qiz majlisi”ni o‘tkazish oson emas... (Abduqayum Yo‘ldoshev, To‘y)
Shunday bo‘lsa-da, yeng shimarib va qo‘l uchida iboralarida xalqimizning avvalgi turmush tarzi bilan bog‘liq semantika saqlanib qolgan.

Bel bog‘lab

“Biror ishni qilishga astoydil kirishmoq” ma’nosini bildiradi. Azaldan o‘zbek erkaklari to‘n yoki yaktak ustidan belbog‘ bog‘lagan, shuning uchunmi mard va lafzihalol yigitlar belida belbog‘i bor deb sifatlangan: Ochig‘ini aytsam, qizlarga ham ana shunday dovurak, “belida belbog‘i bor” yigitlar yoqadi (Gazetadan). Tabiiyki, alohida e’tibor va jismoniy kuch talab qiladigan yumushni bajarishdan avval kishilar ust-boshini ishga moslab olgan. Albatta, bunda belbog‘ ham mahkam bog‘langan. Shunday xatti-harakatni ifodalashda belni bog‘lamoq birikmasi qo‘llangan. Masalan: Yo‘lchi o‘rnidan turib yelkasiga eski yupqa paxtalik choponni tashladi, poshnasi qiyshiq etikni kiydi, belini bog‘ladi, otxonaga chiqib, go‘ngni to‘pladi, oxurlarni tozaladi (Oybek, Qutlug‘ qon).
Keyinchalik ushbu birikmada ma’no kengayishi yuz berib, ta’ziya marosimlarida bel bog‘lab turishga nisbatan qo‘llanishga o‘tgan: Lekin supada xuddi kattalarday belini bog‘lab, yolg‘iz mung‘ayib o‘tirgan ukasini ko‘rib yuragidagi bir murvati cho‘rt singanday bo‘ldi-da, ovozining boricha o‘kirib yubordi... (Odil Yoqubov, Billur qandillar) Hozirgi vaqtda belini bog‘lab birikmasi bu ma’noda ko‘chmalashish jarayonida, ya’ni to‘liq ko‘chma ma’noli frazeologizmga aylanib ulgurmagan, chunki ta’ziya va fotihaxonlik marosimlarida chopon ustidan belbog‘ bog‘lab turish odati saqlanib turibdi. Ammo bunday marosimlarda azador kishilar to‘n ustidan belbog‘ bog‘lab turmagan holatga nisbatan ham bel bog‘lab ifodasi ishlatiladiki, bu ma’no ko‘chish jarayoniga ishora qiladi.
Xalqimiz bel bog‘lab birikmasidagi “astoydillik” ma’no qirrasini faollashtirib, har qanday ishga jon-jahdi bilan kirishishga nisbatan bel bog‘lab iborasini qo‘llay boshlagan. Bora-bora erkin birikmalikdan uzoqlashgan va “biror ishni qilishga astoydil kirishmoq” ma’nosini ifodalashga o‘tgan. Bel bog‘lamoq birikmasidan anglashiladigan xatti-harakatning faqat erkaklarga xos bo‘lgani (belbog‘ bog‘lab yurish) keyinchalik ayni iboraning faqat erkaklar bajaradigan yumushga nisbatan qo‘llanishiga sabab bo‘lgan. Masalan: Barakallo, uka, barakallo.Aqlli bola ekansan, uka, ota qarzini uzishga bel bog‘labsan. Bir tomondan dadangning arvohi xushnud bo‘ladi, ikkinchi tomondan, o‘zing jo‘ralaring orasida boshingni ko‘tarib, xo‘rozday yurasan. (Oybek, Qutlug‘ qon) Ko‘p yaxshi ishga bel bog‘labsiz (Odil Yoqubov, Bir koshona sirlari).

Podadan oldin chang chiqarmoq

“Ro‘yobga chiqishi aniq bo‘lmagan biror ish, voqea haqida vaqtidan ilgari gapirib yurish” ma’nosini bildiradi. Ushbu ibora bizga o‘zbeklarning olis tarixdagi chorvadorlik hayotidan hikoya qiladi. Podadan oldin chang chiqarmoq iborasi uzoq yillik tarixga egaligi sababli biz ikki taxminni ilgari suramiz.
1. Bizningcha, podadan oldin chang chiqarmoq iborasidagi chang so‘zi “tovush” ma’nosida qo‘llangan. Chunki odatda podani oldinda boshlab boradigan serka – erkak echki bo‘yniga qo‘ng‘iroq taqib qo‘yiladi va qo‘ng‘iroq jiringlab, podani ovoz ortidan ergashtiradi. Ushbu iboraning paydo bo‘lishiga ana shu jarayon asos bo‘lgan bo‘lishi mumkin. Ammo mavjud eski o‘zbek tiliga doir lug‘atlarda chang so‘zining “tovush, ovoz” ma’nosi qayd qilinmagan. “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da ham ushbu ibora qatnashgan jumla “gard” ma’nosidagi chang so‘zi izohida berilgan. Biroq “Yolg‘iz otning changi chiqmas, changi chiqsa ham dong‘i chiqmas” maqolidagi chang so‘zi “ovoz” ma’nosida kelgan, “gard, to‘zon” ma’nosida emas.
2. Fizikaga doir bilimlardan ma’lumki, chang yengil bo‘lgani sababli havoda tez ko‘tariladi va tarqaladi. Poda o‘tayotganda ham yuzlab tuyoqlar ostidagi chang zarralari atrofga tutundek tarqaladi, poda ko‘rinmasa ham chang-to‘zoni uzoqdan ko‘zga tashlanadi. Odamlar poda kelayotganini osmonga o‘rlagan ana shu chang-to‘zondan bilib olgan. Bu jarayonni doim ko‘rib-kuzatib yurgan ziyrak kishilar “ro‘yobga chiqishi aniq bo‘lmagan biror ish, voqea haqida vaqtidan ilgari gapirib yurish”ni podadan oldingi chang-to‘zon ko‘tarilishiga qiyosan atab qo‘ya qolgan.
Xullas, podadan oldin chang chiqarmoq iborasiga qaysi hayotiy jarayon asos bo‘lgan bo‘lmasin, ushbu iborada qishloq ahli turmushiga xos jihat o‘z izini qoldirgan.

Bir pul/uch pul

1) “bir yoki ikki, uch tiyin”; 2) “hech narsaga arzimaydigan, bir tiyinga ham qimmat” ma’nolarini bildiradi. Ma’lumki, o‘tmishda pul bugungi kundagidek “oldi-sotdi yoki to‘lov munosabatida narx, qiymat o‘lchovi bo‘lgan metall yoki qog‘oz belgi”ni, ya’ni “50 ming pul berdim” degandagi qog‘oz pulni bildirmagan. Balki “ba’zi yerlarda yarim tiyinga, ba’zi yerlarda bir tiyinga teng o‘lchov birligi” (O‘zbek tilining izohli lug‘ati. 3-jild. 319-bet)ni – “Handalakni bir pulga, qovunni uch pulga oldim” degandek qiymat miqdorini ifodalagan. Abdulla Qodiriyning “O‘tgan kunlar” romanida ham pul so‘zi qiymat miqdorini bildirgan: O‘zingiz ip yigirib, kun ko‘rib turgan bo‘lsangiz, sizga uch tanga emas, uch pul berish ham og‘ir ekan... Vaqt o‘tishi bilan bir pul yoki uch pulning qiymat darajasi o‘ta pastlab ketgan: bir yoki uch pulga arzigulik mahsulot sotib olishning imkoni kamaygan. Bu holatni ko‘rib-kuzatib yurgan kishilar “hech narsaga arzimaydigan, ahamiyatsiz, qadr-qimmatsiz” degan tushunchani ifodalash uchun bir pul, uch pul birliklarni qo‘llay boshlagan. Masalan: Hamdamov indamadi. Bildiki, aytsa battar kalaka qiladi. Kichik ilmiy xodimligiyu akademiyada ishlashi bularga bir pul. (Ahmad A’zam, Soyasini yo‘qotgan odam) Qayerga borsalar, ularning so‘zi ma’qul, kambag‘alning arzi dodi uch pul! (Oybek, Qutlug‘ qon)
Oradan vaqtlar o‘tib, yuqoridagi bir pul, uch pul iboralarining “hech narsaga arzimaydigan, ahamiyatsiz, qadr-qimmatsiz” ma’nosi asosida bu ma’noni yanada kuchli ifodalaydigan bir pullik, uch pullik, bir pul qilmoq, uch pul bo‘lmoq kabi iboralar hosil qilingan. Hozirgi kunda bu iboralar ham mazkur ma’nolarda qo‘llanib kelmoqda. Qiyoslab ko‘ring:
1. O‘lturganimdan sizga bir pullik foyda yo‘q, sovchingizga o‘zingiz bilgan javobni beravering! – dedi Kumush. (Abdulla Qodiriy, O‘tgan kunlar)
2. Kimgadir bu – uch pullik narsa, bor-yo‘g‘i husnbuzar, kimgadir –fojia. (Chingiz Aytmatov, Oxirzamon nishonalari)
3. Uch oylik mehnatim bir pul bo‘ldi. (Erkin Vohidov, She’r dunyosi)
4. Lekin raykom meni tumonatning ichida tepkilab, yana qanday “Bularni chizig‘ingga sol”, deydi? Shuni o‘z ko‘zi bilan ko‘rib turganlar meni uch pulga oladimi? (Ahmad A’zam, Soyasini yo‘qotgan odam)
5. “Lucid Air” elektromobili “Tesla”ning barcha rekordlarini bir pul qildi! (Ijtimoiy tarmoqdan)
Misollardan ko‘rinib turibdiki, mazkur iboralarning ma’nosida o‘zbekka xos etnomadaniy ishoralar mavjud, bunday ishoralarsiz esa iboralarning semantikasi quruq va g‘arib ko‘rinish oladi. O‘zbekona iboralar ana shu etnomadaniy xususiyatlari, obrazliligi bilan so‘zlardan farq qiladi. “So‘zdan so‘zning farqi bor, o‘ttiz ikki narxi bor” deb ana shunga aytiladi.
O‘zbekning o‘z so‘zlari ruknimiz orqali har haftada o‘zbek tiliga oid juda qiziq ma’lumotlar bilib olasiz va so‘z boyligingizni oshirasiz.
Avvalgi materiallar:
Almisoqdan qolgan, go‘riga o‘t qalamoq: iboralar tarixini bilasizmi?
Eng ko‘p xato yoziladigan so‘zlar — ro‘yxat
Bu qiziq: o‘zbek milliy bolalar o‘yinlarini bilasizmi?
“Xumpar, xo‘tik, qulun”: uy hayvonlari o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi.
Yovvoyi hayvonlar o‘zbekcha qanday atalishini bilasizmi?
Parrandalar o‘zbekcha qanday to‘g‘ri ataladi
Qiziqarli test: ushbu hayvonlar nomini bilasizmi? Bilimingizni sinab ko‘ring
Yakshanba kuni test o‘tkazamiz, bilimingizni sinab ko‘rishingiz mumkin! Telegram-kanalimizga obuna bo‘lib, kuzatib boring.
Yangiliklar lentasi
0