Farg‘ona viloyati iqtisodiy rivojlantiriladi – prezident vazifalarni belgilab berdi

© Press-slujba prezidenta UzbekistanaShavkat Mirziyoyev
Shavkat Mirziyoyev - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 27.11.2026
Obuna bo‘lish
Kelgusi yilda viloyat eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
TOShKENT, 27 noya – Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev Farg‘ona viloyatida islohotlar natijadorligini oshirish, mahalliy sanoatni jadal rivojlantirish va aholi daromadlarini ko‘paytirish yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi. Bu haqda davlat rahbari matbuot xizmati xabar berdi.
Joriy yil yakuniga ko‘ra viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmi 9,6 foizga, sanoat 8,5 foizga, xizmatlar hajmi 16,3 foizga o‘sishi kutilmoqda.
Viloyat sanoatini rivojlantirishning yangi modeliga o‘tish bo‘yicha takliflar bildirildi. Bunda istiqbolda talab yuqori bo‘ladigan mahsulotlar ishlab chiqarishni o‘zlashtirish, yirik sanoat korxonalari atrofida tarmoqlararo kooperatsiyani kengaytirish, ilg‘or texnologiyalar va zamonaviy boshqaruv usullarini joriy etish orqali korxonalar samaradorligini oshirish nazarda tutilmoqda.
O‘zbekiston, Beshariq va Farg‘ona tumanlaridagi qariyb 1,5 ming gektar samarasiz foydalanilayotgan yer maydonlarida maxsus sanoat zonalarini tashkil etish taklifi ma’qullandi.
Shuningdek, Farg‘ona shahrida kimyo sanoati korxonalarining bo‘sh turgan 24 gektar maydonida innovatsion texnopark tashkil etib, 300 million dollarlik loyihalarni joylashtirish, “Eltexsanoat” texnoparki hududini qo‘shimcha 70 gektarga kengaytirish va Dang‘ara tumanida uning filialini ochish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Viloyatning tuman va shaharlarida xorijlik sheriklar bilan hamkorlikda qurilish materiallari, kabel mahsulotlari, shamol turbinalari, elektrobuslar, quyosh panellari uchun mikrochiplar, elektroskuterlar uchun akkumulyatorlar, avtomobil ehtiyot qismlari va maishiy texnika ishlab chiqarish bo‘yicha istiqbolli loyihalar taqdimot qilindi.
Mavjud imkoniyatlarni ishga solish hisobiga 2027-yilda viloyatda yalpi hududiy mahsulot hajmini kamida 10 foizga, sanoat ishlab chiqarishini 9 foizga oshirish, 6,1 milliard dollarlik xorijiy investitsiyalarni jalb qilish va eksport hajmini 2 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan.
Turizm va qishloq xo‘jaligi
Marg‘ilon, Qo‘qon va Farg‘ona shaharlarida yirik turistik majmualarni tashkil etish, “Chimon-soy” bo‘yida, Dang‘ara, Yozyovon, Oltiariq va So‘x tumanlarida Parkent tumanidagi ilg‘or tajriba asosida zamonaviy turistik va oilaviy dam olish maskanlarini barpo etish rejalari taqdim etildi.
Farg‘ona, Quva va Oltiariq tumanlaridagi agrostar kompaniyalari bilan hamkorlikda jami 37 ming gektar maydonda sanoatlashgan intensiv bog‘lar barpo etish vazifasi qo‘yildi.
Viloyatda 100 ming bosh qoramol boqishga mo‘ljallangan yirik loyihalarni amalga oshirish, Bag‘dod va Furqat tumanlarini chorvachilikka ixtisoslashtirish hamda Turkiya tajribasi asosida aholi xonadonlarida parrandachilikni rivojlantirish bo‘yicha takliflar ko‘rib chiqildi.
Joriy yil yakuniga qadar viloyatda ishsizlik darajasi 3 foizga, kambag‘allik darajasi 2,7 foizga tushishi kutilmoqda.
Davlat rahbari endilikda aholi daromadlarini oshirish hudud rahbarlari faoliyatini baholashning asosiy mezonlaridan biri bo‘lishini ta’kidladi.
2027 yilda bajariladigan chora-tadbirlar hisobiga viloyatda 1,1 million nafar aholining daromadini ikki baravar oshirish maqsad qilingan.
Buning uchun har yili viloyatning bittadan tuman yoki shahrida 10 tadan mahallani sanoat, savdo va xizmat ko‘rsatishga chuqur ixtisoslashtirish ko‘zda tutilmoqda.
Yozyovon, Beshariq, Furqat va Rishton tumanlarining kamida 10 tadan mahallasida qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini yetishtirish, saqlash, qayta ishlash va qadoqlash bo‘yicha loyihalarni amalga oshirish, Oltiariq va Farg‘ona tumanlaridagi 41 ta mahallada jami 8,5 ming gektar maydonda o‘rikchilik va uzumchilik kooperatsiyalarini tashkil etish rejalashtirilgan.
Marg‘ilon va Farg‘ona shaharlari hamda Uchko‘prik tumanidagi to‘rtta texnikumda chet elda ishlash istagidagi fuqarolarni Germaniya va Janubiy Koreya standartlari asosida kasbga tayyorlash tizimini yo‘lga qo‘yish taklif etildi. Bu orqali yiliga 6 ming nafar fuqaroni xorijda mehnat faoliyatini amalga oshirish uchun tayyorlash ko‘zda tutilmoqda.
Farg‘ona Saudiya kompaniyalari bilan zargarlik sohasida hamkorlik qiladi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.10.2026
Farg‘ona Saudiya kompaniyalari bilan zargarlik sohasida hamkorlik qiladi
Yangiliklar lentasi
0