“Bu mening xatoyim ham”: Kannavaro Rossiyaga qarshi o‘yindagi mag‘lubiyat sabablarini sanadi
09:39 13.11.2026 (yangilandi: 09:44 13.11.2026)

© Sputnik
Obuna bo‘lish
Ikkita to‘p farqi bilan mag‘lub bo‘layotgan Rossiya jamoasi 10 daqiqada 3 ta gol kiritib, Kannavaro shogirdlarini mag‘lubiyatga uchratdi.
TOShKENT, 13 noya – Sputnik. Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi Toshkentdagi o‘rtoqlik bahsida Rossiyaga 2:3 hisobida yutqazdi. O‘zbekiston milliy jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro Rossiyaga qarshi o‘rtoqlik bahsidan so‘ng matbuot anjumanida ishtirok etib, jurnalistlarning savollariga javob qaytardi.
“Motorni o‘chirib qo‘ydik”
O‘zbekiston jamoasi 70-daqiqaga qadar 2:0 hisobida oldinda borayotgan edi, biroq to‘qqiz daqiqa ichida uchta gol o‘tkazib yubordi.
“Bu yerda muammo yuqori pressingda emas, balki o‘z jarima maydonchamiz ichida yo‘l qo‘yayotgan xatolarimizda. Bugungi uchrashuvdagi asosiy muammo boshqa narsada edi, deb o‘ylayman. Biz yaxshi o‘yin o‘tkazdik, biroq hisob 2:0 bo‘lib turgan pallada "motorni o‘chirib qo‘ydik". O‘yin taqdirini hal qildik va g‘alaba qozondik, deb o‘yladik. Bu biz uchun juda katta dars bo‘ldi. Hakamning final hushtagi chalinmaguncha futbol tugamasligini tushunib yetishimiz kerak. 90, 95, hatto 98-daqiqagacha o‘yin ichida bo‘lish shart”, - dedi bosh murabbiy.
Husanovning yo‘qligi mag‘lubiyatda hal qiluvchi omil bo‘lmadi
“Albatta, Husanov ajoyib futbolchi, top-o‘yinchi, lekin u maydonda bo‘lgan o‘yinlarda ham mag‘lubiyatga uchraganmiz. Men bugun tarkibda maydonga tushgan yigitlar o‘z vazifalarini yaxshi uddalashdi, deb hisoblayman. Ular hali yosh, kelajagi porloq va yanada o‘sishga qodir futbolchilar. Hozir meni natijadan ko‘ra ko‘proq ularning shu kabi bahslar orqali tajriba to‘plashi qiziqtiradi. Husanov bormi yoki yo‘qmi — men faqat oldinga qarayman va ixtiyorimdagi, maydondagi futbolchilarga ishonaman. Bugun yana ikki nafar yosh futbolchimiz debut qildi va o‘zlarini juda yaxshi ko‘rsatishdi”, - deb hisoblaydi Kannavaro.
“Futbolda bir soniyaga ham to‘xtab qolish mumkin emas”
“Ochig‘i, men 2:0 hisobini yomon ko‘raman — bu futboldagi eng aldamchi va xavfli hisob, ayniqsa birinchi bo‘limdan keyin shunday natija qayd etilsa. Chunki bunday paytda jamoaning konsentratsiyasi pasayadi va ikkinchi taym juda og‘ir kechadi. Oqibatda tajribasizlik tufayli o‘n daqiqa ichida uchta to‘p o‘tkazib yubordik. Ammo yana bir bor qaytaraman: men bu yigitlarga juda ishonaman, ularning mashg‘ulotlarda qanday mehnat qilayotganini, kuchli terma jamoalarga qarshi qanday kurashayotgani va yugurayotganini ko‘rib turibman. Men futbolchilarim bilan faxrlanaman”, - dedi mutaxassis.
“Bu mening xatoyim”
Bosh murabbiy uchrashuvning 60-daqiqasida amalga oshirilgan o‘zgarishlar haqida fikr bildirdi.
“Shubhasiz, 2:0 hisobida oldinda borayotib o‘zgarishlar qilsangiz va yakunda 2:3 hisobida yutqazsangiz — bu mening xatoyim, murabbiyning xatosi bo‘ladi. Nazorat uchrashuvida bizda 10 nafar futbolchini almashtirish imkoniyati bor edi va barchaga o‘yin amaliyoti berishga harakat qildik. Lekin bu yerda ayb Diyorda yoki zaxiradan maydonga tushgan boshqa bir futbolchida emas — yutqazsa, butun jamoa yutqazadi. Men maydonga tushgan yigitlar uchun juda afsusdaman, chunki ular kuchli raqibga qarshi bor kuchlarini berib kurashishdi va tinimsiz yugurishdi. Natija adolatsiz bo‘ldi, ammo futbolda 90 daqiqa davomida yuz foizlik diqqatni jamlashni saqlab qolmasangiz, g‘alaba qozonib bo‘lmaydi”, - deya xulosa qildi Fabio Kannavaro.
Toshkentdagi “Paxtakor” stadionida O‘zbekiston va Rossiya milliy jamoalari o‘rtasida o‘rtoqlik o‘yini bo‘lib o‘tdi. Uchrashuvda Fabio Kannavaro shogirdlari 2:0 hisobida g‘alaba qozona turib, yakunda 2:3 hisobida mag‘lubiyatga uchradi.
Uchrashuvning 5-daqiqasida burchakdan oshirib berilgan to‘pni Rossiya futbolchisi Viktor Meloxin kutilmaganda o‘z darvozasiga to‘g‘rilab yuborib, hisobni ochdi. Ikkinchi bo‘lim boshida Behruz Karimovning zarbasi golga aylandi va hisob 2:0 ko‘rinishiga keldi. Karimov uchun ushbu gol milliy jamoa safidagi debut gol bo‘ldi.
Ammo shundan so‘ng Rossiya jamoasi o‘yinni kuchaytirishga muvaffaq bo‘ldi. 70-daqiqadan boshlab Valeriy Karpin shogirdlari bosim uyushtirib, 10 daqiqa ichida O‘zbekiston jamoasi darvozasiga 3 ta gol kiritishdi va yakunda g‘alaba qozonishdi.

1/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

2/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

3/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

4/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

5/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

6/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

7/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

8/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

9/10
© Press-slujba Assotsiatsii futbola Uzbekistana

10/10