YeOIIda tezurar poyezdlar qatnovini rivojlantirish bo‘yicha tavsiyalar qabul qilindi
Obuna bo‘lish
Ularda loyihalarni moliyalashtirish va zamonaviy texnologiyalardan foydalanishga e’tibor qaratilgan.
TOShKENT, 11 noya — Sputnik. Yevroosiyo iqtisodiy komissiyasi (YeIK) hay’ati YeOII davlatlarida tezurar va yuqori tezlikdagi yo‘lovchi poyezdlari qatnovini rivojlantirish bo‘yicha yangi tavsiyalarni qabul qildi. Bu haqda YeIK matbuot xizmati xabar berdi.
Hujjat YeOII davlatlarining 2024–2026 yillarga mo‘ljallangan transport siyosati bo‘yicha "yo‘l xaritasi" doirasida ishlab chiqilgan. Uning asosiy maqsadi — ittifoq hududida tezurar temir yo‘l qatnovini rivojlantirish, yo‘lovchilar uchun qulay, tezkor va xavfsiz harakatlanish sharoitlarini yaratish.
Yangi tavsiyalarda quyidagi yo‘nalishlarga e’tibor qaratilgan:
tezurar temir yo‘l loyihalarining tijoriy samaradorligi va iqtisodiy foydasini baholash;
davlat budjeti va jamiyat uchun keltiradigan foydasini hisoblash;
katta hajmdagi investitsiyalarni jalb qilish va maqbul moliyalashtirish usullarini tanlash;
raqamli texnologiyalar va sun’iy intellekt imkoniyatlaridan foydalanish;
yangi magistrallarning mavjud va rejalashtirilayotgan temir yo‘l yo‘nalishlariga ta’sirini o‘rganish;
YeOII davlatlari va boshqa mamlakatlarning tajribasini qo‘llash hamda qonunchilikni takomillashtirish.
YeIK energetika va infratuzilma vaziri Arzibek Kojoshev tezurar temir yo‘llarni rivojlantirish nafaqat yo‘lovchilar uchun, balki iqtisodiyot uchun ham muhim ahamiyatga ega ekanini ta’kidladi.
"Yuqori tezlikdagi magistrallarni rivojlantirish aholi harakatchanligini oshiradi, turizmni rivojlantiradi, temir yo‘llarning tashish va o‘tkazish imkoniyatlarini kengaytiradi. Iqtisodiyot uchun esa bu yangi ilmtalab ishlab chiqarishlar va ish o‘rinlarini yaratish, raqamli texnologiyalar hamda sun’iy intellektni keng qo‘llash demakdir", — dedi Kojoshev.
Yangi tavsiyalar YeOII mamlakatlarida tezurar temir yo‘l loyihalarini rejalashtirish va amalga oshirishda umumiy yondashuvlarni shakllantirishga qaratilgan.
Hozircha hujjatda aniq yangi yo‘nalishlar, qurilish xarajatlari yoki poyezdlar qatnovini boshlash muddatlari belgilanmagan. Bu masalalar har bir loyihaning iqtisodiy va texnik imkoniyatlari o‘rganilganidan keyin hal qilinadi.

YeOII
Yevroosiyo iqtisodiy ittifoqi (YeOII) - 2015-yil 1-yanvardan faoliyat yuritib kelayotgan xalqaro iqtisodiy birlashma. Ittifoqqa hozir Rossiya, Armaniston, Belarus, Qozog‘iston va Qirg‘iziston a’zodir. O‘zbekiston 2020-yilda YeOIIda kuzatuvchi maqomini oldi. Kuba, Eron ham kuzatuvchi maqomiga ega.


