Putin: bunday odamlarni, bunday mamlakatni yengish mumkin emas — g‘alaba bizniki bo‘ladi
11:23 29.09.2026 (yangilandi: 10:40 30.09.2026)

© Sputnik / Sergey Bobilev
/ Obuna bo‘lish
Vladimir Putin Davlat dumasi saylovlari yakunlari bo‘yicha parlament partiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda rossiyaliklarni qo‘rqitish va mamlakatni yengish mumkin emasligini aytdi.
TOShKENT, 29 sen — Sputnik. Rossiya prezidenti Vladimir Putin parlament partiyalari rahbarlari bilan uchrashuvda Davlat dumasi saylovlari yakunlari, tashqi aralashuvga urinishlar va yangi parlament oldidagi vazifalar haqida fikr bildirdi. Bu haqda Kreml matbuot xizmati xabar berdi.
Putinning asosiy bayonotlari:
Rossiyadagi odamlar baquvvat, jasur va mamlakat atrofida nima bo‘layotganini yaxshi tushunadi.
"Bunday odamlarni qo‘rqitib bo‘lmaydi, bunday mamlakatni yengish mumkin emas. Shuning uchun g‘alaba, albatta, bizniki bo‘ladi", — dedi Rossiya rahbari.
Saylov kampaniyasini buzish va Rossiyaning ichki ishlariga aralashishga urinishlar, uning so‘zlariga ko‘ra, muvaffaqiyatsiz tugagan. Putin bunday harakatlarda xorijiy maxsus xizmatlarning usullari ham qo‘llanganini aytdi.
Putin ovoz berishda faol qatnashgan o‘n millionlab rossiyaliklarga minnatdorchilik bildirdi va yuqori saylov faolligi natijalarning qonuniyligini ta’minlaganini aytdi.
Putinning aytishicha, chegara hududlari, Donbass va Novorossiyada saylov komissiyalari xodimlari murakkab sharoitlarda ishlagan. Ular orasida halok bo‘lganlar ham bor, ayrimlari davlat mukofotlariga vafotidan so‘ng taqdim etiladi.
U parlament partiyalari o‘z nomzodlari qatoriga maxsus harbiy operatsiya faxriylarini ham kiritganini qayd etib, saylov natijalari aholining ularni qo‘llab-quvvatlaganini ko‘rsatganini aytdi.
Prezident yangi Davlat dumasida turli siyosiy kuchlar o‘zaro hamkorlik qilishi, odamlar va mamlakat oldidagi umumiy mas’uliyatdan kelib chiqib ishlashi kerakligini ta’kidladi.
