Qoraqalpog‘istonni iqtisodiy rivojlantirish sohalari belgilandi
17:46 19.09.2026 (yangilandi: 17:48 19.09.2026)

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Prezident Qoraqalpog‘istonda yangi sanoat zonalari tashkil etish, qishloq xo‘jaligida ilg‘or loyihalarni rivojlantirish hamda yirik qurilish loyihalarini boshlashni belgilab berdi.
TOShKENT, 19 sen — Sputnik. Bugun Nukusda Shavkat Mirziyoyev raisligida Qoraqalpog‘istonni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish masalalariga bag‘ishlangan yig‘ilish bo‘lib o‘tdi.
Yig‘ilishda quyidagi sohalarni rivojlantirish belglandi:
“Resursdan tayyor mahsulotgacha” tamoyili asosida yangi sanoat va investitsiya xaritasi yaratiladi. “Qo‘ng‘irot – Qorao‘zak – Taxiatosh” yo‘nalishi “yashil sanoat yo‘lagi” – “intellektual iqtisodiyot uchburchagi”ga aylanadi.
Sun’iy intellekt va data markazlar uchun tashkil etilgan maxsus zonada 8 milliard dollarlik 6 ta loyiha amalga oshiriladi. Besh yillik dastur ishlab chiqib, investorlar uchun 1 gigavattli barqaror elektr ta’minotini yo‘lga qo‘yish topshirildi.
“Yashil” energiyani “karbon kredit”ga aylantirish orqali yiliga 50-100 million dollar daromad olish imkoniyati qayd etildi. Yil yakunigacha Orolning 50 ming gektarida “o‘rmon karbon krediti” dasturi boshlanadi.
Italiyaning “Bonifika Ferrarizi” kompaniyasi bilan Taxtako‘pirda 50 million dollarlik loyiha boshlanmoqda. Unda 2 ming gektarda pomidor va g‘alla yetishtirilib, chuqur qayta ishlanadi hamda Yevropaga eksport qilinadi.
Oilaviy tadbirkorlik kreditlari stavkasi 17,5 foizdan 12 foizga tushiriladi. Kelasi yili resurslar 2 karra oshirilib, “drayver” loyihalarga 100 million dollar yo‘naltiriladi. Shu hisobdan kamida 50 ming odamni daromadli qilish belgilandi.
To‘rtko‘ldagi “Yonbosh” va Bo‘zatovdagi “Erkindaryo” kanallarini betonlash, suv inshootlari va artezian quduqlar qurishga 135 milliard so‘m ajratiladi. Ikki kanalni 1-martgacha betonlash, kelasi yil 17 ming gektarda ozuqa ekib, 2 ming odamni daromadli qilish topshirildi.
Suv obyektlarini modernizatsiyalash uchun jalb qilinadigan grantlar 100 million dollarga yetkaziladi. 1-aprelgacha Qoraqalpog‘istondagi 59 ta, boshqa viloyatlardagi 200 ta suv nasosi yangilanadi.
Chorvachilikning ozuqa bazasini mustahkamlash uchun Qo‘ng‘irot, Beruniy va Chimboyda 2 ming gektar yer tiklanmoqda, kelasi yili yana 5 ming gektar o‘zlashtiriladi. Ozuqa yetishtirishga har gektar uchun 500 ming so‘m subsidiya beriladi.
Yirik chorva komplekslari uchun kredit miqdorini 50 milliard so‘mgacha oshiriladi. Samolyotda olib kelinadigan naslli buqalar qiymatining 10 foizi, har bir bosh uchun 4 million so‘mgacha subsidiya qilinadi.
Taxtako‘pirda Shinjon tajribasi asosida ozuqa yetishtirish tashkil etilib, xorijdan 5 ming bosh qo‘y-echki olib kelinadi. Yil yakunigacha 100 ming bosh qo‘y-echki boqishni yo‘lga qo‘yish belgilandi.
Bog‘dorchilikda 30 ming gektarda sho‘rga chidamli olxo‘ri va kechki o‘rik plantatsiyalarini tashkil etish bo‘yicha uch yillik dastur amalga oshiriladi.
Kelgusi bahordan Nukus tumanidagi 10 ming gektarda qovun yetishtirish boshlanadi. Eng yaxshi navlar va mutaxassislar jalb etilib, qayta ishlash hamda eksport bilan shug‘ullanadigan xolding tashkil qilinadi.
Nukusning “Ashshiko‘l” hududida 50 ming aholiga mo‘ljallangan “Nukus siti” qurilishi boshlandi. 270 gektarda energiya tejamkor binolar, biznes, savdo va servis markazlari, yashil xiyobonlar barpo etiladi.
Yig‘ilishda, shuningdek, kelgusi yili qoraqalpoq xalqining buyuk farzandi, shoir va mutafakkir Berdaq Qarg‘abay o‘g‘li tavalludining 200-yilligini munosib nishonlash taklifi bildirildi.
Prezident rahbari shoirning “Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun” degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidladi. Shoirning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, raqamlashtirish, asrab-avaylash va yoshlarga yetkazishni qamrab olgan dasturni bir oyda ishlab chiqish topshirildi.
Prezident rahbari shoirning “Hamisha sen xizmat etgil xalq uchun, o‘zim dema g‘amxo‘rlik qil xalq uchun” degan hikmatli so‘zlari bugun ham o‘z ahamiyatini yo‘qotmaganini ta’kidladi. Shoirning ilmiy-ijodiy merosini o‘rganish, raqamlashtirish, asrab-avaylash va yoshlarga yetkazishni qamrab olgan dasturni bir oyda ishlab chiqish topshirildi.