Atom energetikasida O‘zbekistonning o‘z yo‘li bor — ekspert

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
O‘zbekiston uchun atom energetikasi faqatgina elektr energiyasi ishlab chiqarish masalasi emas. Ekspert Baxtiyor Ergashev nima uchun O‘zbekiston tinch atom sari o‘z yo‘lidan borayotgani haqida so‘zlab berdi.
O‘zbekistonning tinch atom sari yo‘li kecha boshlangani yo‘q. Mustaqil ekspert, “Ma’no” tadqiqot tashabbuslari markazi direktori Baxtiyor Ergashevning ta’kidlashicha, Shavkat Mirziyoyev o‘zining birinchi prezidentlik muddatining boshidayoq atom energetikasini rivojlantirishni mamlakat energetika siyosatining eng muhim yo‘nalishlaridan biri sifatida belgilagan edi. Loyiha ustidagi aniq ishlar 2018-yilda boshlangan bo‘lib, bugungi kunda mamlakat Jizzax viloyatining Forish tumanida AES qurilishini amalga oshirishgao‘tdi.
Shu bilan birga, ekspertning so‘zlariga ko‘ra, O‘zbekiston atom energetikasini faqatgina bitta elektr stansiyasi bilan cheklanib qoladigan loyiha sifatida ko‘rmaydi. Mamlakatda kamida yana bitta AES qurish rejalari haqida allaqachon ma’lum qilingan bo‘lib, sohani kelgusida rivojlantirish ko‘lami yanada kengroq bo‘lishi mumkin.
Atom loyihasi amalga oshirilayotgan bir paytda ommaviy axborot vositalari va ijtimoiy tarmoqlarda vaqti-vaqti bilan Rossiya tomoni — O‘zbekistonning birinchi AES qurilishi bosh pudratchisi “Rosatom”ning muhandislik bo‘limi “Atomstroyeksport” bilan hamkorlik formati o‘zgarishi mumkinligi haqida xabarlar paydo bo‘lmoqda. Lekin, Ergashevning ta’kidlashicha, kompaniya va “O‘zatom” o‘rtasida majburiyat yuklovchi shartnoma imzolangan bo‘lib, u bo‘yicha moliyalashtirish allaqachon ochilgan.
“O‘zbekistonda birorta ham rasmiy shaxsning chiqishida – na “O‘zatom”ning, na O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining huzuridagi“O‘zatom”agentligining va na, ayniqsa, davlat rahbarining nutqida atom elektr stansiyasi qurilishi bo‘yicha shartnomaga o‘zgartirish kiritish haqida so‘z bo‘lmagan”, — deydi ekspert.
Ergashevning so‘zlariga ko‘ra, bu borada Rossiya bilan hamkorlik O‘zbekistonning loyihaga nisbatan o‘z yondashuvidan voz kechishini anglatmaydi. Aksincha, mamlakat o‘z talablari va sharoitlarini hisobga olib AES konfiguratsiyasini shakllantirishga intilmoqda.
Lekin bu jarayonda eng muhimi — O‘zbekiston atom energetikasini aynan qanday yo‘l bilan rivojlantirayotgani.
“O‘zbekiston boshqa yo‘lni tanlagan, balki biroz qiynroq yo‘ldir, lekin u atom elektr stansiyasining yangi konfiguratsiyasini sinab ko‘rmoqchi”, — deydi Ergashev.
O‘zbekiston hisobga olishi zarur bo‘lgan asosiy omillardan biri — bu mamlakatning o‘ziga xos xususiyatlari, xususan, suv resurslaridir. Ekspertning so‘zlariga ko‘ra, turli mamlakatlardagi sharoitlar bir-biridan tubdan farq qiladi. Agar ayrim xorijiy AESlarda suv miqdori masalasi deyarli mavjud bo‘lmasa, O‘zbekiston uchun bu juda muhim masala. Shuning uchun o‘zbekistonlik mutaxassislar “Rosatom” mutaxassislari bilan hamkorlikda mahalliy sharoitlarga mos keladigan texnologik yechimlarni izladilar. Quruq gradirnyalar ana shunday yechimlardan biri bo‘ldi. Ergashevning ta’kidlashicha, “O‘zatom” mutaxassislari rossiyalik hamkorlar bilan birgalikda tegishli texnologiyalarni loyiha talablariga moslashtirish imkoniyatlarini ishlab chiqqan.
Mutaxassisning so‘zlariga ko‘ra, maqbul modellarni izlash va texnologiyalarni uyg‘unlashtirish qurilish, foydalanish va xavfsizlik sifatiga qo‘yiladigan talablarni pasaytirmasdan loyiha qiymatini tushirish bo‘yicha ishlarni amalga oshirish imkonini berdi.
“Bu — O‘zbekiston yo‘li. Ha, u, ehtimol, qaysidir jihatdan murrakabroqdir”, — deydi Ergashev.
Uning fikricha, aynan shu g‘oya O‘zbekistonning yondashuvini tushuntiradi: mamlakat shunchaki tayyor yechimni qabul qilibgina qolmay, balki atom loyihasini o‘zining iqtisodiy, tabiiy va texnologik sharoitlariga moslashtirishga harakat qilmoqda. Shu bilan birga, elektr stansiyasining o‘zi ancha ko‘lamli vazifaning faqat bir qismidir.
Ergashev, O‘zbekiston uchun atom energetikasi texnologik yutuqqa erishish, yangi bosqichga o‘tish, yangi malakalar, texnologiyalar va mutaxassislarning paydo bo‘lish imkoniyati ekanligini ta’kidlaydi.
“Atom sanoati — bu axir faqatgina AES emas”, — deya e’tibor qaratadi ekspert.
U yo‘nalishlar qatorida yangi imkoniyatlar ochishi, shu jumladan onkologik kasalliklarni davolashda qo‘l kelishi mumkin bo‘lgan radiatsion va yadroviy tibbiyotni, shuningdek, farmatsevtika hamda yadro texnologiyalarini iqtisodiyot va xalq xo‘jaligida qo‘llashni sanab o‘tadi.
Boshqacha qilib aytganda, O‘zbekiston uchun tinch atom sari yo‘l — bu faqatgina yangi elektr energiyasi yo‘li emas. Bu, shuningdek, mutlaqo turli sohalarda ishlay oladigan texnologiyalar yo‘li hamdir.
“O‘zbekiston nafaqat AES qurayotganimizni, balki butun boshli atom sanoatini rivojlantirayotganimizni bildirmoqda”, — deb ta’kidlaydi Ergashev.
Ekspert bu jarayonning unsurlaridan biri sifatida O‘zbekistonda NIYaU MMFI (MIFI)filialining ochilishini, ya’ni mutaxassislar tayyorlash uchun sharoitlar yaratilishini aytib o‘tadi.
Atom energetikasini bir, ikki yoki hatto uch yilda rivojlantirib bo‘lmaydi. Stansiyaning o‘zini qurishdan tashqari, meyoriy baza, ekspertiza, ekologik va texnik nazorat tizimini yaratish hamda mutaxassislar tayyorlash kerak.
“O‘zbekistonda atom energetikasini rivojlantirishni endi boshlayapmiz”, — deydi Ergashev tegishli milliy mexanizmlarni shakllantirish zarurati haqida gapirayotib.
Atom sanoati uchun nafaqat reaktor, uskuna va infratuzilmalar kerak. Muhandislar, olimlar, loyihachilar, xavfsizlik, ekspertiza va ekspluatatsiya bo‘yicha mutaxassislar ham kerak. Ekspertning fikricha, bu borada O‘zbekiston alohida yo‘lni bosib o‘tishiga to‘g‘ri keladi. Bu haqda Shavkat Mirziyoyevning Jizzax viloyatida integratsiyalashgan AES va zamonaviy yo‘ldosh shaharcha qurilishi bo‘yicha olib borilayotgan ishlar taqdimoti bilan tanishganda ham so‘z yuritildi. Shu sababli, ekspertning fikricha, hozirgi bosqichda mamlakat uchun xalqaro tajribadan foydalanish va bir vaqtning o‘zida o‘z imkoniyatlarini oshirib borish muhimdir.
"O‘zbekiston bu yo‘lni bosib o‘tar ekan, u, albatta, xalqaro tajribaga, turli xorijiy kompaniyalarning tajribasiga tayanadi”, — deydi Ergashev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, ushbu holatda xalqaro tajribadan foydalanish o‘z salohiyatini shakllantirish vositasiga aylanmoqda. Mamlakat bilim va amaliy ko‘nikmalarga ega bo‘ladi, o‘z tuzilmalarini mustahkamlaydi va asta-sekin o‘z kadrlarini tayyorlaydi.
Shavkat Mirziyoyev ta’kidlagan yana bir yo‘nalish — mahalliylashtirish. Ergashevning fikricha, atom elektr stansiyasining qurilishi o‘zbek kompaniyalariga ilgari o‘zlari shug‘ullanmagan ish va ishlab chiqarish turlarini o‘zlashtirish imkonini beradi.
“O‘zbekiston uchun AES qurilishi shunchaki yirik infratuzilmaviy energetika loyihasi emas, balki texnologik sakrash imkoniyatidir”, — deydi u.
Gap, xususan, stansiya qurilishida qo‘llaniladigan xizmatlar va mahsulotlarni mahalliylashtirish haqida bormoqda.
Ekspertning ta’kidlashicha, O‘zbekiston oddiyroq ssenariyni tanlashi — butun loyihani xorijiy pudratchiga topshirib, tayyor obyekt bilan cheklanishi mumkin edi. Ammo mamlakat, uning so‘zlariga ko‘ra, boshidanoq murakkabroq modelni tanlagan.
“Biz uchun bu keskin yuksalish imkoniyati, yangi malakalarga ega bo‘lish, yangi narsalarni o‘rganish, qandaydir yangi texnologiyalarni olib kirish, biznesimizni ilgari hech qachon qilmagan narsalarga o‘rgatish imkoniyatidir”, — deya tushuntiradi Ergashev bunday yondashuv mantig‘ini.
Uning so‘zlariga ko‘ra, asosiy vazifa AES qurilishida O‘zbekiston korxonalari bajarishi mumkin bo‘lgan ishlar va xizmatlar hajmini hamda kompaniyalar sonini oshirishdan iborat. Bu jarayonda orttirilgan malakalar esa kelajakdagi loyihalarda — mamlakat ichida ham, uning tashqarisida ham qo‘l kelishi mumkin.
“O‘qish, o‘rganish, tajriba orttirish, ko‘nikmalarga ega bo‘lish, kelajakda oldinga intilish mumkin bo‘lgan kadrlarni tayyorlash. Bu endi malakalarning va texnologiyalarning yangi darajasidir”, — deydi Ergashev.
Energetika mamlakatning o‘sib borayotgan ehtiyojlarini qondirishi kerak, ammo shu bilan birga atom loyihasi sanoat, muhandislik, ta’lim, tibbiyot, farmatsevtika va yangi texnologiyalarni rivojlantirish uchun zamin yaratadi. Shuning uchun ham O‘zbekistonda tinch atom sari yo‘lni bitta qurilish loyihasi sifatida emas, balki yangi texnologik muhitni shakllantirish jarayoni sifatida ko‘rish mumkin.

“O‘zbekiston uchun AES qurilishi shunchaki yirik infratuzilmaviy energetika loyihasi emas. O‘zbekiston uchun bu texnologik yuksalish imkoniyatidir”, — deya xulosa qiladi Baxtiyor Ergashev.

Mustaqil ekspertning maxsus Sputnik O‘zbekiston uchun bergan to‘liq sharhini videomizda tomosha qiling.
Yangiliklar lentasi
0