AI-brasletdan tibbiy simulyatorlargacha: Toshkentda UzMedExpo ko‘rgazmasi bo‘lib o‘tmoqda

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
UzMedExpo-2026 ko‘rgazmasida AI-braslet, raqamli tibbiy karta va tibbiy simulyatorlar kabi zamonaviy yechimlar namoyish etilmoqda.
TOShKENT, 16 sen — Sputnik. 15–17 sentabr kunlari "O‘zekspomarkaz" hududida 18-xalqaro tibbiyot uskunalari va farmatsevtika ko‘rgazmasi – “UzMedExpo-2026” bo‘lib o‘tmoqda. Bu yerda sog‘liqni saqlash sohasi uchun mo‘ljallangan texnologiyalar va vositalar namoyish etildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Shunday loyihalardan birini – sun’iy intellekt bilan jihozlangan "braslet”ni "Sino AI" kompaniyasi taqdim etdi. Qurilma yurak urishi, uyqu, stress, qon bosimi, qondagi kislorod darajasi va EKG haqidagi ma’lumotlarni to‘playdi, shundan so‘ng bu ma’lumotlar ilovada tahlil qilinib, tizimda saqlanadi.
“Braslet” tashxis qo‘ymaydi, faqat ogohlantiradi. Biz asosiy e’tiborni qandli diabet, onkologik kasalliklar va insultga qaratganmiz. Biz odamlar bu haqda oldindan bilishlarini xohlaymiz", — dedi "Sino AI"ning B2B bo‘limi rahbari Sherzod Xo‘jayev.
Uning so‘zlariga ko‘ra, hozirda jamoa qurilma funksiyalarini kengaytirmoqda, xususan, NFC imkoniyatlarini ishlab chiqmoqda — kelajakda “braslet”dan nafaqat salomatlikni nazorat qilish, balki yo‘l haqini to‘lash uchun ham foydalanish mumkin bo‘ladi.
Ko‘rgazmaning yana bir ishtirokchisi — "Uzinfocom" tomonidan taqdim etilgan “Dmed” loyihasi bevosita tibbiyot tizimi ichidagi masalalarni hal qiladi.
Ilova orqali bemor klinikani topishi, qabulga yozilishi, xizmatlar va tahlillar haqida ma’lumot olishi mumkin, kasallik tarixi esa elektron shaklda saqlanadi. Shuningdek, tizim orqali kasallik varaqalari ham rasmiylashtiriladi, shu sababli xodim endi qog‘oz hujjatni ish beruvchiga topshirishi shart emas.

“Dmed” — bu bemorning klinikadagi barcha bosqichlardan o‘tishiga yordam berish uchun yaratilgan tizim. Ro‘yxatxona, kassa, shifokor tanlash, tahlillarni ko‘rish — barchasi tizimimiz ichida amalga oshiriladi”, — deya tushuntirdi “Dmed” savdo bo‘limi rahbari Sherzod G‘ulomov.

Uning so‘zlariga ko‘ra, platformaga barcha davlat tibbiyot muassasalari ulangan bo‘lib, hozirda kompaniya xususiy klinikalarni ham ulamoqda. Ilova bemorlar uchun bepul va u rus, o‘zbek hamda ingliz tillarida mavjud.
Ko‘rgazmada soha mutaxassislari uchun ham mahsulotlar namoyish etildi. Jumladan, “GEOTAR U MEDIA” MChJ shifokorlar va talabalar uchun elektron ta’lim resurslari hamda simulyatsiya uskunalarini taqdim etdi. Kompaniya O‘zbekistonda simulyatorlar ishlab chiqarishni mahalliylashtirish konsepsiyalarini allaqachon ishlab chiqqan.
“Simulyatorlar haqiqiy anatomik parametrlarga maksimal darajada yaqinlashtirilgan. Ular muzlatish, issiqlik ta’siri va uch metr balandlikdan tashlash kabi sinovlardan o‘tgan”, — dedi kompaniyaning bosh vakili Ruslan Xasxanov.
“GEOTAR U MEDIA” kutubxonasida 2 mingdan ortiq tibbiyot kitoblari va darsliklar mavjud. Kompaniya, shuningdek, ta’lim materiallarini o‘zbek tiliga tarjima qilish uchun hamkorlar topishni rejalashtirmoqda.
Ko‘rgazma stendlarida O‘zbekiston, Rossiya, Hindiston, Germaniya va boshqa mamlakatlar kompaniyalarining mahsulotlari bilan tanishish mumkin.
Toshkentdagi sog‘liqni saqlash va go‘zallik ko‘rgazmalarida Rossiya kompaniyalari nimalarni taqdim etdi? - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 30.04.2026
Toshkentdagi tibbiyot va go‘zallik ko‘rgazmalarida Rossiya kompaniyalari nimalarni namoyish etdi?
Yangiliklar lentasi
0