Palov indeksi: Toshkentda osh tayyorlash 130 ming so‘mdan oshdi

Obuna bo‘lish
Avgustda bir kilogramm palov tayyorlash uchun eng ko‘p xarajat Toshkent shahrida — 130,3 ming so‘m, eng kam xarajat Qoraqalpog‘istonda — 109,6 ming so‘m bo‘ldi.
Milliy statistika qo‘mitasi 2026-yil avgust oyi uchun O‘zbekiston hududlarida bir kilogramm palov tayyorlash qanchaga tushishini hisoblab chiqdi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, palov uchun zarur mahsulotlarning eng yuqori qiymati Toshkent shahrida qayd etildi — 130 285 so‘m. Eng past ko‘rsatkich esa Qoraqalpog‘iston Respublikasida — 109 605 so‘mni tashkil etdi.
Shu tariqa, Toshkentda bir kilogramm palov uchun mahsulotlar Qoraqalpog‘istonga nisbatan 20 680 so‘m yoki qariyb 19 foiz qimmatroqqa tushadi.
Iyul oyiga nisbatan palov tayyorlash qiymati Toshkent shahrida 1,2 foiz, Qoraqalpog‘istonda esa 2,1 foizga oshgan.
Palov qiymatini hisoblashda kungaboqar yog‘i, piyoz, mol go‘shti, sabzi, lazer guruch, no‘xat, zira va osh tuzining o‘rtacha narxlari inobatga olingan.
Qo‘mitaning eslatishicha, bu raqamlar hududlarda sotilayotgan tayyor palov narxini emas, balki uni tayyorlash uchun zarur mahsulotlarning hisoblangan o‘rtacha qiymatini ifodalaydi.
Yangiliklar lentasi
0