Chorvachilik va parrandachilikka $895 mln: go‘sht-sut hajmini oshirish rejalari taqdim etildi

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Prezidentga go‘sht-sut ishlab chiqarishni oshirish, 103 korxonani tiklash va 802 yangi loyihani amalga oshirish rejalari taqdim etildi.
TOShKENT, 5 avg — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev chorvachilik va parrandachilikni rivojlantirish, go‘sht va sut mahsulotlari ishlab chiqarishni ko‘paytirish bo‘yicha takliflar bilan tanishdi. Bu haqda prezident matbuot xizmati xabar berdi.
Taqdimotda 2026–2028 yillarda qo‘shimcha 190 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkonini beruvchi choralar muhokama qilindi.
Asosiy rejalar:
faoliyati to‘xtagan 103 ta chorvachilik korxonasini tiklash;
ularning qarzlarini restrukturizatsiya qilish yoki 10-yilga bo‘lib to‘lash;
ozuqa yetishtirish uchun yer ajratish va naslli mollar bilan ta’minlash;
chorvachilikka ixtisoslashgan 13 ta tumandagi 75 ming gektar ozuqa maydonidan samarali foydalanish;
sut qabul qilish punktlari va ozuqa sotish shoxobchalarini tashkil etish;
aholi xonadonlarida yengil konstruksiyali 11 mingta molxona qurish.
Faoliyati tiklanadigan korxonalarda 33 ming bosh qoramol parvarishlanib, yiliga 12 ming tonna go‘sht va 40 ming tonna sut ishlab chiqarish rejalashtirilmoqda.
Xonadonlarda quriladigan molxonalarda esa 421 ming bosh qoramol boqilishi ko‘zda tutilgan.
802 ta yangi loyiha
Umumiy qiymati 3 trln so‘m bo‘lgan 802 ta loyiha doirasida:
68 ming boshdan ziyod qoramol;
186 ming bosh qo‘y va echki parvarishlanadi;
yiliga qo‘shimcha 20 ming tonna go‘sht;
120 ming tonna sut ishlab chiqariladi.
Qoraqalpog‘istondagi 20 ta chorvachilik kompleksi sun’iy intellekt yordamida tahlil qilingan. Ularning umumiy qarzi 109,6 mlrd so‘m bo‘lib, yarmi yuqori xavfli toifaga kiritilgan.
Ushbu komplekslarning qarz yukini yengillashtirish, ozuqa bazasini yaratish va ularni bosqichma-bosqich ishga tushirish taklif etildi.
Chorva mollari import qilinadi
Go‘sht ishlab chiqarishni ko‘paytirish maqsadida:
Mo‘g‘ulistondan 150 ming bosh qo‘y;
Xitoy va Yevropa davlatlaridan 100 ming bosh naslli qoramol;
Belarusdan 2 ming bosh mol olib kelish rejalashtirilmoqda.
Bu orqali yiliga qo‘shimcha 44 ming tonna go‘sht ishlab chiqarish imkoniyati yaratilishi aytildi.
Umuman, chorvachilik tarmog‘ini rivojlantirish uchun 463 mln dollar yo‘naltirish ko‘zda tutilgan.
Mahallalardagi xonadonlarga yordam
191 ta tumandagi chorvachilikka ixtisoslashgan 2 407 ta mahallada:
xonadonlarga arzon chorva mollari yetkazib berish;
sigirlarni sun’iy urug‘lantirish;
yem-xashak va zooveterinariya xizmatlarini yaxshilash;
nasldor buzoqlarni identifikatsiya qilish;
ular uchun subsidiya ajratish taklif etildi.
13 ta tumanda har biri 200 bosh qoramolga mo‘ljallangan naslchilik xo‘jaliklarini tashkil etish, yiliga 500 ming bosh sigirni sun’iy urug‘lantirish va embrion transplantatsiyasini kengaytirish ham rejalashtirilmoqda.
"Smart Fermer" ishga tushiriladi
Taqdimotda fermerlar va aholi uchun "Smart Fermer" raqamli yordamchisi ham namoyish etildi.
Mobil ilova orqali chorva mollarini identifikatsiya qilish, veterinar chaqirish, sun’iy urug‘lantirish xizmatidan foydalanish, oziqlantirish va yaylovlarni boshqarish bo‘yicha ma’lumot olish, subsidiyaga ariza berish hamda sun’iy intellektdan maslahat olish mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, chorvadorlar manfaatlarini himoya qilish, kooperatsiya, naslchilik va tashqi bozorlarga chiqishga ko‘maklashuvchi O‘zbekiston chorvadorlar uyushmasini tashkil etish taklif qilindi.
Parrandachilik
Parrandachilik sohasida umumiy qiymati 432 mln dollar bo‘lgan loyihalarni amalga oshirish rejalashtirilmoqda.
Ular hisobiga 2028-yilgacha:
qo‘shimcha 100 ming tonna parranda go‘shti ishlab chiqarish;
ozuqa-yem ishlab chiqarish quvvatini 3,3 mln tonnaga yetkazish maqsad qilingan.
