O‘zbekistonda o‘rtacha ish haqi 7,1 mln so‘mga yetdi — hududlar va sohalar reytingi
13:03 27.07.2026 (yangilandi: 13:20 27.07.2026)

© Depositphotos / minervastock
Obuna bo‘lish
Eng yuqori ko‘rsatkich hududlar orasida Toshkent shahrida, sohalar kesimida esa moliya tizimida qayd etildi.
TOShKENT, 27-iyul — Sputnik. O‘zbekistonda 2026-yilning yanvar-iyun oylarida o‘rtacha oylik nominal hisoblangan ish haqi 7 mln 91 ming so‘mni tashkil etdi. Bu o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 18,4 foizga ko‘p. Bu haqda Milliy statistika qo‘mitasi ma’lum qildi.
Qaysi hududlarda ish haqi yuqori?
O‘rtacha ish haqi eng yuqori bo‘lgan hududlar:
Toshkent shahri — 12 mln 14 ming so‘m;
Navoiy viloyati — 8 mln 723 ming so‘m;
Toshkent viloyati — 6 mln 676 ming so‘m.
Eng past ko‘rsatkichlar esa Qashqadaryo viloyatida — 4 mln 865 ming so‘m, Surxondaryo viloyatida — 4 mln 937 ming so‘m va Farg‘ona viloyatida — 5 mln 163 ming so‘m qayd etildi.
Qaysi sohalarda ish haqi eng yuqori?
Yirik iqtisodiy faoliyat turlari kesimida eng yuqori o‘rtacha ish haqi bank, sug‘urta, lizing, kredit va vositachilik sohasida qayd etildi — 19 mln 100 ming so‘m.
Axborot va aloqa sohasida o‘rtacha ish haqi 17 mln 417 ming so‘mni tashkil etdi.
Biroq ushbu sohalarning alohida yo‘nalishlari bo‘yicha ko‘rsatkichlar yanada yuqori:
sug‘urta va qayta sug‘urtalash faoliyatida — 26 mln 14 ming so‘m;
moliyaviy xizmatlar va sug‘urta bo‘yicha yordamchi faoliyatda — 24 mln 896 ming so‘m;
kompyuter dasturlashtirish, maslahat berish va boshqa yordamchi xizmatlarda — 22 mln 235 ming so‘m;
axborot xizmatlarida — 21 mln 410 ming so‘m;
sug‘urta va nafaqa ta’minotidan tashqari moliyaviy xizmatlarda — 18 mln 432 ming so‘m;
aloqa sohasida — 12 mln 970 ming so‘m.
Eng past o‘rtacha ish haqi sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda — 4 mln 440 ming so‘m, ta’limda — 4 mln 977 ming so‘m, yashash va ovqatlanish xizmatlarida esa 5 mln 189 ming so‘mni tashkil etdi.
Eng katta o‘sish qaysi sohalarda?
Ish haqi eng tez tashish va saqlash sohasida o‘sdi — 22,8 foiz.
Shuningdek:
ta’limda — 20,3 foiz;
sog‘liqni saqlash va ijtimoiy xizmatlarda — 20,1 foiz;
qurilishda — 19,9 foiz o‘sish qayd etildi.
Axborot va aloqa sohasida kompyuter dasturlashtirish hamda maslahat xizmatlarida o‘rtacha maosh 22 mln 234 ming so‘mga, axborot xizmatlarida esa 21 mln 410 ming so‘mga yetdi.
Ta’lim tizimida katta farq saqlanib qoldi: oliy ta’limda o‘rtacha ish haqi 12 mln 47 ming so‘m, umumiy o‘rta ta’limda 4 mln 669 ming so‘m, maktabgacha ta’limda esa 2 mln 721 ming so‘m bo‘ldi.
Eslatma: nominal ish haqi soliq va boshqa to‘lovlarni o‘z ichiga olgan hisoblangan summa bo‘lib, xodim qo‘liga oladigan sof mablag‘ni anglatmaydi. Yarim yillik hisob-kitoblarga kichik korxonalar, mikrofirmalar va qishloq xo‘jaligi korxonalari kiritilmagan — ular bo‘yicha to‘liq ma’lumot yilda bir marta e’lon qilinadi.
Matndagi ish haqi miqdorlari o‘qishga qulay bo‘lishi uchun yaxlitlab berilgan.
