Suv tanqisligi hosil va ichimlik suviga tahdid solmoqda — ekspertlar

© Press-slujba ministerstva ekologii UzbekistanaArashanskie ozera v Ferganskoy doline. Illyustrativnoe foto
Arashanskie ozera v Ferganskoy doline. Illyustrativnoe foto - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.07.2026
Obuna bo‘lish
Markaziy Osiyoda suv zaxiralarining kamayishi qishloq xo‘jaligi, oziq-ovqat narxlari va aholini ichimlik suvi bilan ta’minlashga bosimni kuchaytirishi mumkin
TOShKENT, 19-iyul — Sputnik. Markaziy Osiyoda suv resurslarining kamayishi birinchi navbatda dehqonlar hosili va aholining ichimlik suvi ta’minotiga zarba berishi mumkin. Bu haqda Kazinform agentligining mintaqada suv tanqisligi muammosiga bag‘ishlangan maqolasida ma’lum qilingan.
Ayniqsa, yerosti suvi zaxiralari cheklangan va darolarga bog‘liq hududlar uchun bu muammo tobora jiddiy tus olmoqda.
Ekspertlarning baholashicha, suv tanqisligi qishloq xo‘jaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini kamaytirib, oziq-ovqat narxlariga ham qo‘shimcha bosim o‘tkazishi mumkin.
BMT tadqiqotlarida yaqin yillarda Markaziy Osiyoning asosiy suv manbalari — Amudaryo va Sirdaryo havzalaridagi suv hajmi 15 foizgacha kamayishi mumkinligi qayd etilgan.
Bu mintaqaning umumiy yalpi ichki mahsulotini 11 foizgacha qisqartirishi, yillik iqtisodiy zarar esa 2 milliard dollarga yetishi mumkin.
Markaziy Osiyo xalqaro instituti direktori Javlon Vahobovning aytishicha, 2040-yilga borib mintaqaning ayrim davlatlarida suvga bo‘lgan ehtiyoj uch barobargacha ortishi mumkin.
Suvning asosiy qismi dalalarga ketadi
Toshkent irrigatsiya va qishloq xo‘jaligini mexanizatsiyalash muhandislari instituti kafedra mudiri Ilhom Begmatov muammoning asosiy sabablaridan biri iqlim isishi ekanini ta’kidladi.
Uning ma’lum qilishicha, so‘nggi 100-yilda havo harorati o‘rtacha 1,5 darajaga ko‘tarilgan. Bu muzliklarning tez erishi, yog‘ingarchilikning kamayishi va suv zaxiralarining qisqarishiga olib kelmoqda.
O‘zbekistonda 4,3 million gektar sug‘oriladigan yer mavjud. Mamlakat har yili 51–53 milliard kub metr suv ishlatadi va uning qariyb 91 foizi qishloq xo‘jaligiga yo‘naltiriladi. Demak, suv kamayishining birinchi va eng kuchli ta’siri dalalarda seziladi.
Barqaror hosil olish uchun fermerlarga sun’iy sug‘orish zarur. Ammo suv oqimining qisqarishi paxta, g‘alla, meva-sabzavot va boshqa ekinlarni yetishtirish xarajatlarini oshirishi mumkin.
Muzliklar tiklanishga ulgurmayapti
O‘zbekistondagi "Suvchi" jamoat birlashmasi rahbari Tohir Majitovning aytishicha, ilgari muzliklar eriganidan keyin tabiiy ravishda qayta to‘lib borgan. Biroq so‘nggi o‘n yilda bu muvozanat buzilgan.
U keltirgan tadqiqotlarga ko‘ra, Markaziy Osiyodagi eng yirik Fedchenko muzligining qariyb 40 foizi erib bo‘lgan. 1990–2005 yillarda muzlik sathi 50 metrga pasaygan. Qirg‘izistondagi muzliklarning ham 30 foizdan ortig‘i yo‘qolgan.
Mintaqadagi muzliklarning 45 foizi Qirg‘iziston hududida joylashgan. Ularning tez erishi dastlab darolarda suv ko‘paygandek tasavvur uyg‘otishi mumkin, ammo uzoq muddatda suv oqimi pasayib, sel va qurg‘oqchilik xavfi ortib boradi.
2030 yilda ichimlik suvi tanqisligi kuchayishi mumkin
O‘zbekiston Irrigatsiya va suv muammolari ilmiy-tadqiqot instituti katta ilmiy xodimi Andrey Petrov 2030-yilga borib Markaziy Osiyo davlatlari jiddiy ichimlik suvi tanqisligiga duch kelishi mumkinligidan ogohlantirdi.
Muammo ayrim hududlarda allaqachon sezilarli. Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi loyihalarini amalga oshirish agentligining O‘zbekistondagi rahbari Vadim Sokolovning aytishicha, mamlakatning ko‘plab hududlarida yerosti suvi zaxiralari cheklangan. .
Xususan, Qoraqalpog‘iston va Xorazm viloyatida ichimlik suvining 80 foizdan ortig‘i yer usti manbalaridan olinadi. Darolardagi suv kamayishi bu hududlarda aholini barqaror ichimlik suvi bilan ta’minlashni qiyinlashtirishi mumkin.
Sokolov 2000–2001 yillardagi suv tanqisligi davrini eslatdi. O‘sha paytda mintaqa davlatlari katta iqtisodiy zarar ko‘rgan, eng kuchli zarba esa qishloq xo‘jaligiga to‘g‘ri kelgan.
Muammoni aholi sonining tez o‘sishi ham kuchaytirmoqda. Majitov keltirgan ma’lumotlarga ko‘ra, 1991-yilda Markaziy Osiyoda 45 milliondan ortiq odam yashagan bo‘lsa, hozir aholi soni 85 milliondan oshgan. Shu davrda sug‘oriladigan yerlar 6 million gektardan 10 million gektardan ziyodga ko‘paygan.
O‘zbekiston suv olishni 10 milliard kub metrga kamaytirdi
Suv tanqisligini yumshatish uchun O‘zbekiston tomchilatib va yomg‘irlatib sug‘orish, yerlarni lazer yordamida tekislash kabi suv tejovchi texnologiyalarni keng joriy etmoqda.
Sokolovning ma’lum qilishicha, ana shu choralar natijasida O‘zbekiston so‘nggi besh yilda suv olish hajmini 10 milliard kub metrga yoki qariyb 25 foizga kamaytirgan.
Hozir 4,3 million gektar sug‘oriladigan yerning 2,6 million gektarida suv tejovchi texnologiyalar joriy qilingan. 2028-yilgacha bu ko‘rsatkichni 3,5 million gektarga yetkazish rejalashtirilgan. Shunda mamlakatdagi sug‘oriladigan yerlarning 80 foizi yangi texnologiyalar bilan qamrab olinadi.
Sirdaryoda suv hisobi avtomatlashtiriladi
O‘zbekiston va Qozog‘iston Sirdaryo bo‘ylab suv sarfini aniq hisoblash uchun 10 ta muhim nuqtani tanlab olgan. Ularning beshtasi Qozog‘istonda, qolgan beshtasi O‘zbekiston hududida joylashgan.
Bu joylarda suv miqdorini avtomatik o‘lchash va monitoring qilish tizimlari o‘rnatiladi. Ikki davlat o‘rtasida onlayn ma’lumot almashish, davlatlararo suv inshootlarini modernizatsiya qilish va transchegaraviy obyektlarni birgalikda boshqarish ham rejalashtirilgan.
O‘zbekiston suv xo‘jaligi vaziri Shavkat Hamroyevning aytishicha, tomonlar suv qaysi kanallar orqali va qanday hajmda olinishi hamda uzatilishini aniq kelishib olgan.
Qozog‘iston esa 14,5 ming kilometr irrigatsiya tarmog‘ini ta’mirlashni rejalashtirgan. Bu suv sarfini 20 foizgacha kamaytirishi mumkin. Mamlakat 2030-yilgacha 1,3 million gektar yerda suv tejovchi texnologiyalarni joriy etish va tozalangan suvni qayta ishlatish ulushini 13 foizdan 28 foizga oshirishni maqsad qilgan.
Ekspertlar "Orol qo‘mitasi"ni tuzishni taklif qilmoqda
Tohir Majitovning hisob-kitobiga ko‘ra, suvdan samarali foydalanilsa, Markaziy Osiyo davlatlari sug‘oriladigan yerlar maydonini yana 2–3 million gektarga oshirishi va 100 milliongacha aholini zarur resurslar bilan ta’minlashi mumkin.
Buning uchun davlatlar o‘rtasida suv diplomatiyasini rivojlantirish va suvni adolatli taqsimlashni muvofiqlashtiruvchi mintaqaviy tuzilma kerak.
Majitov shu maqsadda barcha Markaziy Osiyo davlatlari ishtirokida "Orol qo‘mitasi"ni tashkil etishni taklif qildi. Uning fikricha, bunday tuzilma suvdan samarali foydalanish va mintaqaning oziq-ovqat xavfsizligini ta’minlashga yordam berishi mumkin.
Sirdaryo, arxiv surat - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 11.07.2026
O‘zbekiston va Qozog‘iston transchegaraviy suvlarni birgalikda boshqaradi
Yangiliklar lentasi
0