O‘zbekistonlik o‘qituvchi va talabalar Rossiyadagi Pedagogik smenada nimalarni o‘rganmoqda?

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Ishtirokchilar olgan bilim va ko‘nikmalar mamlakatlar orasidagi ta’lim hamkorligini mustahkamlash uchun asos bo‘lib xizmat qiladi.
Rossiyaning Ivanovo shahrida E. D. Stasova nomidagi “Interdom” xalqaro maktabida O‘zbekistondan kelgan chet tili sifatida rus tili o‘qituvchilari hamda pedagogika yo‘nalishlari talabalarini birlashtirgan Pedagogik smena – 2026 o‘tkazilmoqda.
Rossiya Maorif vazirligining Xalqaro hamkorlik markazi direktori vazifasini bajaruvchi Dmitriy Mereshkinning so‘zlariga ko‘ra, loyihada ishtirok etish uchun jami 400 taga yaqin ariza kelib tushgan va ular orasidan 30 nafar talaba hamda 30 nafar o‘qituvchi tanlab olingan.
Pedagogik smenaga saralash ikki bosqichda bo‘lib o‘tdi: birinchisi — onlayn-test, ikkinchisi esa talabalar uchun suhbat va o‘qituvchilar uchun “videovizitka”.
“O‘z kuchimni sinab ko‘rishga qaror qildim, lekin bu loyihaning ishtirokchisiga aylanishimni tasavvur ham qilmagandim. Albatta, juda xursandman. Pedagogik smenadagi ishtirok men uchun o‘z ustimda ishlash, yangi tajriba va qiziqarli insonlar bilan tanishishlardir”, — deya o‘z fikrlari bilan o‘rtoqlashdi Termiz shahridagi Prezident maktabi o‘qituvchisi Munisa Aminova.
Pedagogik smenaning yana bir ishtirokchisi, Farg‘ona viloyati Rishton tumanidagi 44-sonli umumta’lim maktabi o‘qituvchisi Dilfuza Uraimova hayotini bolaligidan rus tili bilan bog‘laganini so‘zlab berdi.

“Men uchun rus hayoti va tili muhitiga sho‘ng‘ish, o‘zim dars beradigan tilning vatanini o‘z ko‘zim bilan ko‘rish juda qiziq edi. Birinchi kun menda yorqin taassurotlar qoldirdi. Yangi bilim, g‘oyalarga ega bo‘lish uchun keldim. Bu yerda iqtidorli pedagoglar bilan tanishib, ular bilan o‘zaro tajriba almashmoqchiman. Ishonchim komilki, ulkan bilim, tajriba va texnologiyalar xazinasi bilan o‘z yurtimga qaytaman va ish faoliyatimda qo‘llayman”, — dedi u.

Pedagogik smenaning har bir kuni — bu, haqiqatan ham, yangi bilim va kashfiyotlardir: pedagogika va raqamli vositalar sohasidagi yetakchi mutaxassislarning ma’ruzalari, madaniy-ma’rifiy tadbirlar, treninglar, Moskvaga hamda Rossiyaning Oltin halqasi shaharlariga ekskursiyalar.
1 iyuldan boshlab “Interdom” xalqaro maktabida O‘zbekistondan kelgan 100 nafarga yaqin o‘quvchi ham tahsil olmoqda. Pedagogik smena ishtirokchisi bo‘lgan talabalar ular bilan ishlab, o‘z bilimlarini amalda qo‘llashmoqda.
“Bunday format nafaqat tilni o‘zlashtirish, balki rus madaniyatiga sho‘ng‘ish imkonini ham beradi”, — deydi E. D. Stasova nomidagi “Interdom” xalqaro maktabi direktori Olga Zukina.
Smenaning asosiy yo‘nalishlaridan biri shaxsiy ta’lim va ijtimoiy loyihalarni ishlab chiqish bo‘ldi. Ishtirokchilar O‘zbekistonga qaytgandan so‘ng, o‘z o‘quv yurtlarida tatbiq eta oladigan tashabbuslar ustida ishlamoqda.
“Bizni bunchalik keng qamrovli loyihalar kutayotganini kutmagandim. Bizga nafaqat bu yerda, balki o‘z vatanimizda ham rivojlantirish mumkin bo‘lgan jiddiy, global mavzular berildi. Masalan, mening mavzum – “Davr ovozlari: maktab media markazini tashkil etish”. Bu mavzu orqali men o‘z yurtimda ko‘p narsani yo‘lga qo‘yishim mumkin. Masalan, maktabda radio xonasi tashkil etishim mumkin. Yoki bolalarning notiqlik mahoratini, omma oldida so‘zlash qobiliyatini rivojlantira olaman. Ular turli mavzularda, turli tadbirlar va sanalarga bag‘ishlab intervyu olishni o‘rganishlari mumkin. Bu juda ajoyib va mamlakatimizda hozircha bu yo‘q. Shunday ekan, bu juda zo‘r va amalga oshirsa bo‘ladigan narsa”,– deya o‘z fikrlarini baham ko‘rdi Farg‘ona davlat universiteti talabasi Firuza Odilova.
Pedagogik smena 20-iyulgacha davom etadi.
Uning qanday o‘tayotganini Sputnik videosida tomosha qiling.
Yangiliklar lentasi
0