Namangan viloyati va Rossiya hamkorligi — hokim Shavkat Abdurazakov bilan intervyu
© Sputnik
Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Namangan viloyati hokimi Sputnik nashriga Rossiya bilan 1,2 mlrd dollarlik loyihalar, sanoat va ta’lim sohasidagi hamkorlik hamda tartibli mehnat migratsiyasini rivojlantirish haqida so‘zlab berdi
Namangan viloyati hokimi Shavkat Abdurazakov Sputnik O‘zbekiston muxbiriga bergan intervyusida Rossiya bilan savdo-iqtisodiy aloqalar, qo‘shma korxonalar, texnologiyalar, ta’lim va mehnat migratsiyasi sohalaridagi hamkorlik natijalari haqida gapirdi.
Suhbat avvalida hokim Rossiya Namangan viloyatining asosiy eksport bozori va investitsiya hamkorlaridan biri ekanini ta’kidladi.
"Rossiya Federatsiyasi bizning asosiy hamkorimiz hisoblanadi. Namangan viloyati eksportining qariyb 60 foizi Rossiya kompaniyalari va hududlariga to‘g‘ri keladi. Shuningdek, umumiy qiymati 1 mlrd 200 mln dollar bo‘lgan 29 ta yangi investitsiya loyihamiz bor", — dedi Shavkat Abdurazakov.
Hokimning ta’kidlashicha, Namangan viloyati Ivanovo, Tula, Samara, Sverdlovsk, Moskva va Leningrad viloyatlari rahbariyati bilan yaqin aloqalar o‘rnatgan.
"Yaqinda O‘zbekiston–Rossiya hamkorlik kengashi doirasida prezidentimiz huzurida Leningrad viloyati gubernatori bilan taqdimot o‘tkazdik. Unda yangi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha takliflarimizni taqdim etdik. Hozir bu loyihalarni hayotga tatbiq etish ishlari olib borilmoqda", — dedi hokim.
To‘qimachilik va oziq-ovqat eksporti
Uning so‘zlariga ko‘ra, Rossiyaga eksport qilinayotgan Namangan mahsulotlarining asosiy qismini to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlari tashkil etadi.
"Ivanovo viloyati bilan hamkorlikda ikkita qo‘shma to‘qimachilik korxonamiz bor. Ularda ming nafarga yaqin kishi ishlaydi va ishlab chiqarilayotgan mahsulotlarning 100 foizi eksport qilinadi. Rossiyaga asosan to‘qimachilik va oziq-ovqat mahsulotlarini yetkazib beramiz", — dedi Abdurazakov.
Abdurazakovning aytishicha, Rossiya kompaniyalari ishtirokida Namanganda qishloq xo‘jaligi mahsulotlarini qayta ishlash va yangi ishlab chiqarish quvvatlarini tashkil etish bo‘yicha ham loyihalar amalga oshirilmoqda.
"Rossiyaning yirik “Sibirskoe zdorovye” kompaniyasi Chust tumanida 60 million dollarlik pektin ishlab chiqarish loyihasini amalga oshirmoqda. Chust va Chortoq tumanlarida qariyb ming gektar maydonda zamonaviy bog‘lar tashkil etilyapti. Chortoqda vino, Chustda esa biologik faol qo‘shimchalar ishlab chiqarish loyihalari ishga tushirildi", — dedi viloyat rahbari.
Rossiya oliygohlari bilan hamkorlik
Qayd etilishicha, ikki tomonlama aloqalar ta’lim va kadrlar tayyorlash sohalarini ham qamrab olgan.
"Namangan davlat universiteti va Ural universiteti o‘rtasida qo‘shma ta’lim dasturi mavjud. Shuningdek, “Sinergiya” korporatsiyasi bilan o‘rta maxsus va kasb-hunar ta’limi yo‘nalishida hamkorlik qilyapmiz. Namangan shahrida kollej negizida ochilgan markaz uchinchi yildirki faoliyat ko‘rsatmoqda. Bu yil uning birinchi bitiruvchilari o‘qishni tamomlaydi", — dedi Abdurazakov.
Markazda yoshlar asosan axborot texnologiyalari yo‘nalishida o‘qitilmoqda. Keyingi bosqichda qisqa muddatda kasb o‘rgatish dasturlarini kengaytirish rejalashtirilgan.
"Oliy ta’lim muassasalari bilan hamkorligimiz yaxshi yo‘lga qo‘yilgan. Endi kasb-hunar ta’limiga ko‘proq e’tibor qaratishimiz kerak. Maqsad — yoshlarni tezroq kasbga tayyorlash va ularning mehnat bozorida raqobatbardosh bo‘lishini ta’minlash", — dedi hokim.
Qurilish va farmatsevtikada Rossiya texnologiyalari
Ta’kidlanishicha, Rossiya texnologiyalaridan Namangan viloyatining qurilish materiallari sanoati, toshni qayta ishlash va farmatsevtika sohalarida ham foydalanilmoqda.
"Sanoat korxonalarini qurish uchun zarur bo‘lgan ayrim murakkab qurilish materiallari hali O‘zbekistonda mahalliylashtirilmagan. Shu sababli ular Rossiya kompaniyalari bilan hamkorlikda olib kelinmoqda. Qurilish materiallari va toshni qayta ishlash bo‘yicha qo‘shma loyihalarimiz bor. Kosonsoy farmatsevtika iqtisodiy zonasida ham Rossiya texnologiyalarini jalb qilish bo‘yicha ishlar olib borilmoqda", — dedi Shavkat Abdurazakov.
Migrantlar kasb va tilga o‘qitilmoqda
Namangan viloyatida xorijda ishlashni rejalashtirayotgan fuqarolarni oldindan kasbga va tilga tayyorlab, ish beruvchilar bilan tuzilgan shartnomalar asosida yuborish tizimi joriy etilgan.
"Chust tumanidagi kollej negizida ishsiz fuqarolarni rus tili va 13 ta kasbga o‘qitadigan markaz tashkil etganmiz. Bu yerda bir vaqtning o‘zida 300 nafargacha kishi uch oy davomida kasb va til bo‘yicha tayyorlanadi. Rossiyaning migratsiya tashkilotlari va ko‘plab kompaniyalari bilan shartnomalar tuzilgan", — dedi hokim.
Abdurazakov Rossiyaga tashriflari chog‘ida shartnoma asosida ishga joylashgan namanganliklar bilan uchrashib, ularning ish va yashash sharoitlarini o‘rganishini ham aytdi.
"Tayyorgarlikdan o‘tib, shartnoma asosida ketgan yoshlarimiz yaxshi sharoitlarda, mehnat qonunchiligiga rioya qilingan holda ishlamoqda. Biz aynan tartibli mehnat migratsiyasini kengroq targ‘ib qilish ustida ishlayapmiz. So‘nggi besh yilda shu tizim orqali xorijga ketayotgan yoshlarimiz soni ortib bormoqda", — dedi u.
Ayni paytda mehnat migratsiyasi yo‘nalishlari Rossiya bilan cheklanib qolmayapti.
"Hozir Janubiy Koreya, Yaponiya, Germaniya va Sharqiy Yevropa davlatlarida ham mehnat migrantlariga talab bor. Shuning uchun fuqarolarimizni ingliz, yapon va koreys tillariga o‘qitib, turli davlatlarda mehnat qilishga tayyorlash bo‘yicha ham ishlar olib borilmoqda", — dedi Shavkat Abdurazakov.
Ma’lumot uchun: Milliy statistika qo‘mitasi ma’lumotlariga ko‘ra, Namangan viloyatida 3,2 million nafardan ortiq aholi istiqomat qiladi. 2026-yilning yanvar–may oylarida viloyatning tashqi savdo aylanmasi 732,3 million dollarni tashkil etgan.