Toshkentda “Imkoniyatlar sahnasi” aktorlik mahorati darslari qanday o‘tdi?

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
15 nafar maktab o‘quvchisi va talaba ikki kun davomida tajribali murabbiylar rahbarligida aktorlik mahorati, sahna nutqi va harakati asoslarini o‘rgandi hamda o‘zlashtirgan ko‘nikmalarini amalda qo‘lladi.
Toshkentda maktab o‘quvchilari va talabalar uchun “Imkoniyatlar sahnasi” nomli aktorlik mahorati darslari bo‘lib o‘tdi. Sputnik muxbirining xabar berishicha, loyiha Toshkentdagi Rus uyi va O‘zbekiston Davlat yoshlar teatri tomonidan tashkil etilgan.
Ikki kun davomida 15 nafar yigit-qiz aktorlik mahorati, sahna nutqi va harakati asoslarini o‘zlashtirib, diqqat va tasavvurni rivojlantiruvchi mashqlarni bajardi. Ular, shuningdek, jonglorlik qilishni, to‘g‘ri nafas olishni, aniq talaffuzni, sahnada sherik bilan ishlashni va boshqa ko‘plab ko‘nikmalarni o‘rganishdi.
O‘zbekiston Davlat yoshlar teatri direktori Farhod Jo‘rayevning ta’kidlashicha, loyiha nomutaxassislik va noijodiy yo‘nalishdagi oliy o‘quv yurtlari talabalari hamda maktab o‘quvchilariga mo‘ljallangan. Uning asosiy maqsadi – yoshlarni teatr san’atiga jalb etish.
“Bu biz albatta davom ettiradigan katta loyiha. Hozircha teatrda ta’mirlash ishlarini yakunlayapmiz va shu yo‘l bilan yoshlarni jalb qilib, ular bilan aktorlik mahorati bo‘yicha mashg‘ulotlar o‘tkazamiz. Teatrimiz muvaffaqiyatli ochilgandan so‘ng esa, o‘ylaymanki, ularning ko‘pchiligi bilim va ko‘nikmalarni professional darajada o‘zlashtirish, o‘z tabiiy iste’dodlarini namoyon etish hamda aktorlik mahoratini o‘rganish uchun teatr qoshidagi maktab-studiyamizda qolish istagini bildiradi. Bu yoshlarga qiziq bo‘ladi, deb o‘ylayman”, – dedi u.
Aktorlik mahorat darslaridoirasida yoshlar bilan tajribali ustozlar ishladilar. Ular orasida aktor, sahna harakati bo‘yicha pedagog, spektakllardagi jang sahnalari postanovkachisi Dmitriy Rezepin, O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan artist, Ginnessning rekordlar kitobi rekordchisi, Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada-sirk oliy maktabi sirk san’ati kafedrasi mudiri Ulug‘bek Zaripov hamda rejissor, aktrisa va pedagog Go‘zal Suleymanova bor.
“Men O‘zbekiston Yoshlar teatrida 15-yil ishladim. U yerda o‘zim sahnalashtirgan spektakllarim bor. Spektakllarim bilan hamkasblarim ko‘plab mamlakatlarga gastrol safarlariga borishgan, jumladan, Rossiyada ham bo‘lishgan. Yigirma yildan ortiq vaqt davomida pedagoglik qilaman: faoliyatimni teatr qoshidagi maktab-studiyadan boshlaganman va mana 11-yildan oshdiki, Karim Zaripov nomidagi Respublika estrada-sirk oliy maktabida ishlab kelyapman”, — deydi Go‘zal Suleymanova.
U aktorlik mahorati darslari doirasida diqqat va tasavvurni rivojlantiruvchi mashqlarni, shuningdek, fundamental psixofizik treninglar – mavhum harakatlar va hayvonlarni kuzatishni o‘tkazdi.
“Bugun mahorat darsimizga kelgan yigit-qizlar, dunyoga butunlay boshqacha qaray boshlashadi, bunga yuz foiz aminman.. Bularning barchasi ular uchun kichik bir kashfiyot bo‘ladi”, – dedi u.
44-sonli umumta’lim maktabining bitiruvchisi Daniella Panferova VGIK (BDKU)ning Toshkent filialiga o‘qishga kirishni rejalashtirayotgani uchun aktorlik mahorati darslarida jon deb ishtirok etishga qaror qildi.
“O‘zim uchun ham yangi narsalarni kashf qilyapman: jonglorlik qilishni, kichik akrobatik harakatlarni bajarishni o‘rganyapman. Ochig‘ini aytsam, bu menga juda yoqapti, chunki bu narsalar bo‘lajak kasbim uchun mos deb o‘ylayma”, – deya u mashg‘ulotlarning birinchi kunidan so‘nggi taassurotlarini baham ko‘rdi.
Kurslar yakunlanganidan so‘ng, yoshlarga sertifikatlar topshirildi. Ushbu sertifikatlar ularga Rossiya oliygohlariga kirishda qo‘shimcha ballar taqdim etadi. “Imkoniyatlar sahnasi” aktorlik mahorat darslari esa o‘z faoliyatini davom ettiradi va uning ishtirokchilari kelajakda professional sahnaga chiqish imkoniyatiga ega bo‘lishadi.
Yangiliklar lentasi
0