Kasallik nafaqasi va bola parvarishi uchun to‘lovlar: yangi tartib tushuntirildi

© Agentstvo sotsialnoy zashiti
Obuna bo‘lish
Yangi tartibga ko‘ra, kasallikning dastlabki 5 kuni uchun to‘lov ish beruvchi tomonidan, 6-kundan boshlab esa Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
TOShKENT, 29-iyun — Sputnik. O‘zbekistonda 1-iyuldan boshlab vaqtincha mehnatga layoqatsizlik, ya’ni kasallik nafaqalarini to‘lashning yangi tartibi joriy etiladi. Ijtimoiy himoya agentligi tomonidan o‘tkazilgan brifingda yangi tizim bo‘yicha tushuntirishlar berildi.
Qayd etilishicha, endi kasallik nafaqalari Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi mablag‘lari hisobidan ham moliyalashtiriladi.
Yangi tartibga ko‘ra, bir kalendar yilida kasallikning dastlabki 5 kuni uchun nafaqa ish beruvchi tomonidan to‘lanadi. 6-kundan boshlab esa to‘lovlar Davlat ijtimoiy sug‘urta jamg‘armasi hisobidan amalga oshiriladi.
Ilgari vaqtincha mehnatga layoqatsizlik bo‘yicha xarajatlar to‘liq ish beruvchi zimmasida bo‘lgan.
Asosiy o‘zgarishlar:
sug‘urta staji 6 oydan 8-yilgacha bo‘lgan fuqarolarga o‘rtacha ish haqining 60 foizi, 8-yildan ortiq stajga ega bo‘lganlarga esa 80 foizi miqdorida nafaqa to‘lanadi;
I va II guruh nogironligi bo‘lgan shaxslar, qaramog‘ida 18 yoshgacha bo‘lgan to‘rt nafar va undan ortiq farzandi bor fuqarolar hamda nogironligi bo‘lgan farzandni tarbiyalayotgan oilalar uchun nafaqa miqdoriga qo‘shimcha 20 foiz qo‘shiladi;
14 yoshgacha bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun qo‘shimcha 20 kalendar kun, 16 yoshgacha nogironligi bo‘lgan bolani parvarish qilish uchun esa qo‘shimcha 40 kalendar kungacha nafaqa to‘lanadi;
jarayonlar to‘liq avtomatlashtiriladi, fuqarolardan ariza yoki qo‘shimcha hujjat talab etilmaydi.
Elektron mehnatga layoqatsizlik varaqasi rasmiylashtirilishi bilan tizim fuqaroning rasmiy bandligi, sug‘urta staji va daromadi haqidagi ma’lumotlarni avtomatik tarzda tekshiradi hamda nafaqani proaktiv tarzda tayinlaydi.
To‘lovlar “Baraka” tizimi orqali amalga oshiriladi. Har bir fuqaro uchun virtual karta avtomatik ravishda ochiladi va mablag‘lar ushbu kartaga o‘tkaziladi.
Kasallik nafaqalarini moliyalashtirish muddatlari ham belgilangan. Oyning 1–15 sanalarida tayinlangan nafaqalar shu oyning 25 sanasigacha, 16–31 sanalarida tayinlangan nafaqalar esa keyingi oyning 10 sanasigacha to‘lab beriladi.
Yangi tartib davlat va xususiy sektorda mehnat qilayotgan, majburiy davlat ijtimoiy sug‘urtasi bilan qamrab olingan hamda kamida 6 oylik sug‘urta stajiga ega fuqarolarga tatbiq etiladi.
