Komissiyasiz o‘tkazma, soliq imtiyozlari va keshbek: prezidentga yangi takliflar taqdim etildi

© Press-slujba prezidenta Uzbekistana
Obuna bo‘lish
Takliflar orasida peshlavhalarni reklama deb hisoblamaslik, o‘z kartalari o‘rtasida pul o‘tkazmalarini komissiyasiz qilish va keshbekni tez qaytarish bor.
TOShKENT, 5-may — Sputnik. Prezident Shavkat Mirziyoyev ishlab chiqarish korxonalari faoliyatini barqarorlashtirish va tadbirkorlarni o‘ylantirayotgan muammolarni hal etish bo‘yicha taqdimot bilan tanishdi.
Taqdimotda to‘liq quvvatda ishlamayotgan, tushumi kamaygan va imkoniyatlaridan to‘liq foydalanmayotgan korxonalar holati ko‘rib chiqildi.
Bunday korxonalarni o‘rganish va muammolarini joyida hal qilish uchun mutasaddi idoralar va banklar ishtirokida Respublika shtabi tashkil etiladi. Shtab vakillari ikki hafta muddatda joylarga chiqib, korxonalar faoliyatiga to‘sqinlik qilayotgan masalalarni aniqlaydi.
Faoliyatini tiklash imkoniyati bor korxonalarga kredit ajratish, aylanma mablag‘, infratuzilma va xomashyo bilan bog‘liq masalalarni hal etish bo‘yicha banklar va mas’ul idoralar birgalikda ishlaydi.
Shuningdek, tadbirkorlik muhitiga salbiy ta’sir ko‘rsatayotgan ayrim talablarni yengillashtirish taklif etildi. Xususan:
korxona peshlavhalari va brend belgilarini joylashtirish tartibini soddalashtirish;
ayrim peshlavhalarni reklama sifatida baholamaslik va ular uchun pasport rasmiylashtirish talabini bekor qilish;
yuridik shaxslar transport vositalariga savdo belgisini joylashtirish tartibini yengillashtirish;
umumiy ovqatlanish korxonalariga QQSning bir qismini qaytarish tartibini soddalashtirish;
ayrim savdo, umumiy ovqatlanish va xizmat ko‘rsatish obyektlari uchun ekologik ekspertiza hamda kompensatsiya to‘lovlari bilan bog‘liq talablarni yengillashtirish.
Naqdsiz to‘lovlar bo‘yicha fuqarolarning o‘z bank kartalari o‘rtasidagi pul o‘tkazmalarini komissiyasiz amalga oshirish, keshbekni tezkor qaytarish, antifrod SMS-xabarnomalar xarajatlarini qayta ko‘rib chiqish hamda mobil xabarnomalar yoki biometrik identifikatsiyadan foydalanish taklif qilindi.
Soliq ma’murchiligida esa penya asosiy qarz summasidan oshib ketmasligi, chek bermaslik bo‘yicha xabar yuborish tizimini suiiste’mol qilishning oldini olish va QQS guvohnomasini to‘xtatish tartibini takomillashtirish masalalari ko‘rib chiqildi.
Tashqi iqtisodiy faoliyatni soddalashtirish uchun importda takrorlanuvchi hujjatlarni qisqartirish, xorijda savdo uylari, filial va vakolatxonalar ochish tartibini qulaylashtirish taklif etildi.
