Boltiqbo‘yida G‘alaba kuni: bayram qanday yo‘q qilindi

© Sputnik / Maria Devakhina
Obuna bo‘lish
“Rossiya segodnya” matbuot markazida jurnalist Andrey Starikovning “Boltiqbo‘yida G‘alaba kuni: kecha, bugun, ertaga” filmi matbuot uchun namoyish etildi.
TOShKENT, 30 apr — Sputnik, Yelizaveta Borisenko. Boltiqbo‘yi davlatlari hukumatlari uzoq vaqtdan beri o‘ta rusofobik siyosat olib bormoqda: mamlakatlarda yodgorliklar buzilmoqda, rusiyzabon aholining huquqlari cheklanmoqda va tarixiy xotira o‘chirilmoqda.
Shu bilan birga, ochiq ma’lumotlarga ko‘ra, Latviya, Litva va Estoniyada jami 900 mingga yaqin etnik ruslar istiqomat qiladi, rus tilidan faol foydalanuvchi aholi soni esa 1 mln kishidan oshadi. Shu bois merosni asrab-avaylash oldimizda turgan eng muhim vazifalardan biridir.
“Boltiqbo‘yida G‘alaba kuni: kecha, bugun, ertaga” filmi Boltiqbo‘yi — Latviya, Estoniya va Litvadagi rus aholisi uchun eng muhim bayramlardan biri tarixini hikoya qiladi. U yerda 9-may urushdan keyingi yillardagi umumxalq bayramidan 2022-yilda to‘liq taqiqlanishgacha bo‘lgan yo‘lni bosib o‘tdi.
Film muallifi va produseri Andrey Starikovning o‘zi Latviyadan. U 2015-yilda Qrim Rossiyaga qaytarilganidan so‘ng u yerdan ketgan.
“Filmimiz ikki asosiy vazifaga javob beradi. Birinchisi — Boltiqbo‘yidagi odamlarimizga ular yolg‘iz emasligini eslatish va ularning savollariga javob berish. Ikkinchisi — Rossiyaning mintaqadagi madaniy, memorial va tarixiy ishtirokini qaytarish bo‘yicha muloqotni boshlash. G‘alaba kuni Boltiqbo‘yiga qaytadi — bu normal holat”, — dedi film muallifi matbuot anjumanida.

Den Pobedi v Pribaltike
© Sputnik
Eslatib o‘tamiz, Boltiqbo‘yi mamlakatlarida 9-may rasman bayram sifatida nishonlanmaydi. Bu kunda ommaviy aksiyalar, yurishlar va sovet ramzlaridan har qanday foydalanish qonun bilan taqiqlangan.
Davlat 1944–1945 yillardagi voqealarga ozodlik sifatida emas, balki sovet okkupatsiyasining boshlanishi sifatida qaraydi. Shu o‘rinda ta’kidlash joizki, Boltiqbo‘yi operatsiyasi davomida Qizil armiyaning qaytarib bo‘lmaydigan yo‘qotishlari 61 mingdan oshgan, sanitar yo‘qotishlari esa 218 mingdan ziyod bo‘lgan. Hozir esa G‘alaba kuni o‘rniga 8-may Ikkinchi jahon urushi qurbonlarini xotirlash kuni sifatida nishonlanmoqda.
Latviya, Litva va Estoniyada Georgiy tasmalari, sovet bayroqlari, gerblari va sovet namunasidagi harbiy kiyimlarga qat’iy taqiqlar mavjud. Shuningdek, xotira yurishlari, jumladan, “O‘lmas polk” aksiyasi ham taqiqlangan. Politsiya ushbu cheklovlarga qat’iy rioya qilinishini nazorat qiladi: ularni buzganlarni jarimalar yoki hatto ma’muriy qamoq kutmoqda.
Shu bilan birga, aholining katta qismi, jumladan rusiyzabon aholi G‘alaba kunini oilasi va yaqinlari davrasida nishonlashda davom etmoqda.
Bundan tashqari, ijtimoiy tarmoqlarda odamlar yodgorliklarga gul qo‘yayotgan suratlarni ham topish mumkin. Ammo bir jihat bor: bunday harakatlar ba’zan politsiyaning qattiq nazorati ostida kechadi.
“Biz melodrama qilmadik, bu siyosiy mahsulot va siyosiy ish. <...> Bu tabiiy holat: G‘alaba bayrami va umuman Rossiya ishtirokining — memorial, ma’naviy, madaniy va til sohasidagi ishtirokining qaytishi tasviri bilan ishlashni boshlash. Ha, bugungi kunda bu voqelikdan juda uzoq, ammo kutilmalar voqelikni shakllantiradi. Boltiqbo‘yidagi ba’zilar uchun bu psixoterapevtik ta’sir ko‘rsatadi, ba’zilarga esa duch kelayotgan qiyinchiliklarni osonroq yengib o‘tishga yordam beradi”, — dedi Andrey Starikov Sputnik muxbiriga.

Den Pobedi v Pribaltike
© Sputnik
Film nafaqat tarixiy, balki shaxsiy sujetlardan ham iborat bo‘lib, bu hissiy holatga ta’sir qilmasdan qolmaydi, deya davom etdi produser.
“Biz ko‘rsatgan sujetlar shaxsan men va film ustida ishlagan hamkasblarim tomonidan juda hissiy, shaxsiy chaqiriqlar sifatida qabul qilinadi”, — deya e’tibor qaratdi Starikov.
Masalan, filmda sochiga Georgiy tasmalari taqqan qizchani Latviya politsiyasi aynan harbiy jasorat ramzidan foydalangani uchun olib ketayotgani aks etgan ta’sirli kadrlar bor.
Vilnyusda tug‘ilgan jurnalist va teleboshlovchi Ernest Maskavichus maishiy darajada, masalan, Litvada hech qanday rusofobiya yo‘qligini ta’kidladi. Sovet Ittifoqi parchalanganidan keyin mamlakat rusiyzabon aholiga ehtiyotkorlik va hurmat bilan munosabatda bo‘lgan. Ammo keyin hamma narsa o‘zgara boshlagan va 2014-yilga kelib Boltiqbo‘yi davlatlari rusofobiya yo‘liga o‘tgan.
“Boltiqbo‘yidagi rus tilidagi resurslar doimiy ravishda bloklanadi, ammo bu zaif odamning pozitsiyasi, o‘z haqligiga mutlaqo ishonmaydigan va juda qo‘rqqan odamlarning pozitsiyasi. Rossiya javob berishi mumkin bo‘lgan eng dahshatli qurol — bu haqiqat”, — dedi jurnalist.
Filmning vazifalaridan biri — imkon qadar keng auditoriyani qamrab olish. 2-may kuni “Rossiya 24” telekanalida premyera bo‘lib o‘tadi. Film RT International telekanalida ingliz tilida dublyaj qilinib, RT.Doc kanallarida ikki tilda namoyish etiladi. Bundan tashqari, Ittifoq davlatining “Soyuzniy” mediaxoldingi efirida ham translyatsiya qilinadi.
Taqdimot ishtirokchilari hozirda eng muhim vazifalardan biri haqiqatni barcha mumkin bo‘lgan kanallar orqali yetkazish ekaniga e’tibor qaratdilar. Shuning uchun tarixiy meros va xotira mintaqa mamlakatlari hayotiga to‘liq qaytishiga nafaqat ishonish, balki buni kutish ham kerak.
“G‘alaba kuni geosiyosiy vaziyat o‘zgarganda, bizning ma’nolarimiz va hikoyalarimiz mintaqaga qaytganda Boltiqbo‘yiga qaytadi. Bu tez orada sodir bo‘lishi mumkin”, — deya xulosa qildi Sputnik muxbiriga tarixchi va siyosatshunos Vladimir Simindey.
