Xodjayev Innoprom ochilishida O‘zbekiston iqtisodi va mintaqaviy hamkorlik haqida gapirdi

© telegram sputnikuzbekistanZa korotkoe vremya vistavka "INNOPROM
Za korotkoe vremya vistavka INNOPROM - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 20.04.2026
Obuna bo‘lish
Jamshid Xodjayev “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi ochilishida O‘zbekistonda sanoat ulushi YaIMda 27 foizga yetgani, iqtisodiy o‘sish esa 7 foiz darajasida kutilganini aytdi
TOShKENT, 20 apr — Sputnik. Qisqa vaqt ichida “Innoprom. Markaziy Osiyo” ko‘rgazmasi davlat va biznes o‘rtasidagi ochiq muloqotning nufuzli va talabgir formatiga, ishonchli hamkorlar va yangi imkoniyatlar uchrashuvi maydoniga aylandi.
Bu haqda Toshkentda ko‘rgazmaning ochilish marosimida O‘zbekiston bosh vaziri o‘rinbosari Jamshid Xodjayev ma’lum qildi, deb xabar bermoqda Sputnik O‘zbekiston muxbiri.
Forumda Yevropa, Osiyo va Afrikadan hamkorlar ishtirok etayotgani Markaziy Osiyoga sanoat o‘sishi, texnologik yangilanish va ishbilarmonlik kooperatsiyasi makoni sifatida xalqaro qiziqish ortib borayotganini tasdiqlaydi.
Xodjayevning so‘zlariga ko‘ra, bugungi kunda O‘zbekiston YaIMda sanoat ulushi 27 foizga yetgan, joriy yilda iqtisodiy o‘sish esa 7 foiz darajasida prognoz qilinmoqda.
“Eng muhimi, biz xomashyo modelidan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ishlab chiqarishga izchil o‘tmoqdamiz. Biz barqaror o‘sish, raqobatbardoshlik va yangi ish o‘rinlarining asosini aynan shunda ko‘ramiz”, — dedi Xodjayev.
Uning aytishicha, 2023-yil yakunlariga ko‘ra, O‘zbekistonning Markaziy Osiyo mamlakatlari va Rossiya bilan savdo hajmi 22 milliard dollarga yaqinlashgan.
Mintaqa davlatlari va Rossiya kapitali ishtirokidagi qo‘shma korxonalar soni qariyb 6 mingtani tashkil etadi, shundan 3 mingdan ortig‘i Rossiya ishtirokidagi korxonalardir.
Xodjayevning ta’kidlashicha, O‘zbekistonda Rossiya korxonalari ishtirokida umumiy qiymati 47 milliard dollardan ziyod bo‘lgan 330 dan ortiq qo‘shma loyiha amalga oshirilmoqda.
Rossiya bilan hamkorlikda Olmaliq kon-metallurgiya kombinatida mis boyitish fabrikasi ishga tushirilgan. Navoiy sanoat parkida kosmetika, maishiy kimyo va aerozol mahsulotlari ishlab chiqarish loyihalari amalga oshirilmoqda. Agrosanoat, oziq-ovqat sanoati, logistika va boshqa yo‘nalishlarda ham tashabbuslar ilgari surilmoqda.
U, shuningdek, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikiston va Turkmaniston bilan qo‘shma loyihalarga ham to‘xtalib, sanoatlashtirish O‘zbekiston uchun strategik ustuvor yo‘nalish ekanini ta’kidladi.
“O‘zbekiston nafaqat o‘zi, balki butun mintaqa uchun yangi sanoat yuksalishini ta’minlashi mumkin bo‘lgan bir qator asosiy yo‘nalishlarga ega. Bular mashinasozlik, kimyo va neft-kimyo sanoati, energetika va yangi avlod industriyasidir. Sanoatni raqamlashtirishni alohida ta’kidlamoqchiman. Bugungi kunda raqobatbardoshlik nafaqat hajm, balki texnologiya va avtomatlashtirish bilan ham belgilanadi”, — dedi Xodjayev.
Uning qo‘shimcha qilishicha, O‘zbekiston to‘qimachilik, farmatsevtika, biotexnologiya va elektromobillik sohalarida ham katta salohiyatga ega.
“Ushbu yo‘nalishlarning barchasida O‘zbekiston qo‘shma tashabbuslar, texnologiyalar transferi va yangi ishlab chiqarishlarni ishga tushirish uchun ochiq”, — deya xulosa qildi u.
Innoprom. Logotip  - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 19.04.2026
Toshkentda INNOPROM. Central Asia 2026 ko‘rgazmasi boshlanadi
Yangiliklar lentasi
0