Mo‘’jiza jadval bo‘yicha: toshkentlik Qorbobo hikoyasi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
Sputnik O‘zbekiston bilan suhbatda Oleg Derevanko “kasbga” qanday kirib qolgani, qanday noqulay vaziyatlarga duch kelgani va hanuzgacha nima uchun Yangi yil mo‘’jizasiga ishonishi haqida gapirib berdi.
Yangi yil arafasida har birimiz eng ezgu orzuyimiz ushalishini alohida intizorlik bilan kutamiz. Bolalar bayramning bosh qahramoni - Qorbobo kelishini quvonch bilan kutishadi. Hatto unga ishonmay qo‘ygan va oq soqol hamda qizil po‘stin ortida kimningdir dadasi yoki qo‘shnisi yashiringanini biladiganlar ham, uning yonida bir lahzaga bolalikka qaytib, mo‘’jizaga ishona boshlaydi.
Oleg Derevanko har yili o‘sha chiroyli, ertaksimon libosni kiyib, qo‘liga hassasini olib, kattalar va bolalarga ertak sovg‘a qilishga oshiqadigan insonlardan biri. Barchasi Aviasozlar saroyi huzuridagi “Optimist” teatr studiyasida rejissor Tamara Abramovna Malinko rahbarligidagi mashg‘ulotlardan boshlangan edi.
“Teatr studiyasi o‘ziga jalb etib yubordi, avvaliga asta-sekin bolalar spektakllarini sahnalashtira boshlashdik, ikki yildan so‘ng esa bizni saroydagi birinchi archa bayramlariga taklif qilishdi. U yerda biz katta yoshli aktorlar bilan birinchi yirik spektaklni qo‘ydik”, - deb hikoya qiladi u.
Vaqt o‘tishi bilan, afsuski, Aviasozlar saroyida o‘zgarishlar yuz berdi, archa bayramlari to‘xtatildi. Shunda Oleg bolalar bog‘chalaridagi bayram tadbirlarida qatnasha boshladi. Dastlab u Qorbobo va O‘lmas Kosheyning rollarini o‘ynadi.
U birinchi marta Qorbobo kostumini 19 yoshida kiydi, o‘shanda undan tanishining o‘rniga tadbirda qatnashishni so‘rashgandi.
“Hammasi shundan boshlandi. Bir yil Qorbobo bo‘lib ko‘rdim, ikkinchi yil bo‘ldim... Albatta, boshida bu biroz g‘alati tuyuldi, obrazni topish qiyin bo‘ldi. Va men uni ancha vaqt izladim - o‘sha obrazni, chunki har kimning Qorbobosi har xil. Ayrimlar uni haqiqiy boboday tasvirlaydi. Men esa uni biroz sho‘x, hazilkash va kuladigan qilib ko‘rsatishga harakat qilaman”, - deb hikoya qiladi Oleg.
Aytgancha, Oleg sho‘x Qorbobo obrazini bejiz tanlamagan: uning ustozi – “Optimist”studiyasining Qorbobosi Vacheslav Kojevnikov aynan shunday edi.
Qorbobo ishida ko‘plab qiziqarli, jumladan, noqulay vaziyatlar ham uchrab turadi. Masalan, bir marta u uyda qo‘lqop va shapkasini unutib qo‘yibdi.
“Vaziyatdan qandaydir chiqish kerak. Albatta, o‘sha zahotiyoq improvizatsiya qilishga to‘g‘ri keldi. Yaxshiyamki, Qorqiz ham improvizatsiyaga usta ekan. Biz shunday ssenariyni o‘ylab topdikki, go‘yo yo‘lda Qorboboning qo‘lqoplari va shapkasini o‘g‘irlab ketishdi: “Qani shapka va qo‘lqoplarni qidirib sayohatga chiqamiz”. Lekin bu aslida bizning kasbimizda kechirib bo‘lmaydigan xato va bundan buyon men har doim rekvizitlarni diqqat bilan tekshiraman”, - deydi qahramonimiz.
Amaliyotda tadbirga kechikishga majbur bo‘lgan holatlar ham uchragan.
“31 dekabr edi. Birinchi tadbirga yetib borganimizda, mashinamiz buzilib qoldi. O‘sha kuni esa har bir daqiqamiz rejalashtirilgan edi. Yaxshiyamki, qo‘ng‘iroq qilib chaqirishimiz mumkin bo‘lgan tanishlarimiz bor ekan. Ular yetib kelishdi, bizga yordam berishdi, bizni olib borishdi va mashinani ham tortib ketishdi”, - deya jilmayib eslaydi Oleg.
Oleg Derevankoning ish jadvali Yangi yil arafasida, ayniqsa 31-dekabrda, daqiqalarga qadar rejalashtirilgan. Qorbobo Qorqiz va ertak qahramonlari jamoasi bilan bolalar bog‘chalariga tashrif buyuradi, shuningdek, bolalarning uylariga ham boradi. Ammo u o‘z imkoniyatlariga yarasha ish olishga intiladi.
“Qorbobo quvnoq, sehrli bo‘lishi kerak. Men bolalarga ertak sovg‘a qilishni yaxshi ko‘raman. O‘shandan kuch-quvvatim yetishi uchun atigi besh-oltita tadbirda qatnashishga harakat qilaman. “Voy, yana o‘sha bolalar, yana o‘sha sovg‘alar”– demasdan chiqish uchun. Yo‘q! Samimiy jilmayish kerak, balki tabassum soqol ostida ko‘rinmas ham, baribir jilmaymasangiz bo‘lmaydi, chunki siz tabassum qilganingizda ko‘zlar yonib turadi, bolalar esa buni his qiladi va ko‘rib turadi”, - deydi u.
Olegning 12 yoshli o‘g‘li bor va u, albatta, otasi nima ish bilan shug‘ullanishini biladi.
“U uchinchi yoki to‘rtinchi sinfda o‘qiyotganda, maktabidan kelishimni so‘rashganda, uni yonimga chaqirib, tushuntirdim: “Shunday-shunday bo‘ladi, dadang keladi, lekin sen indamaysan. Xo‘pmi?” U xo‘p dedi. Va mana hozirgacha, u oltinchi sinfda o‘qiydi, hech kim men Qorbobo bo‘lib kelganimni bilmaydi. Bu jihatdan u juda zo‘r," - deya jilmayib gapiradi Derevanko.
Oddiy hayotda ham Oleg san’at va bolalar bilan ishlashni tanladi. U “For Kids” xususiy bolalar bog‘chasida aktorlik mahoratidan dars beradi.
“Asosiy vazifam to‘rt yoshdan yetti yoshgacha bo‘lgan kichkintoylarimizga teatr nima ekanligini tushuntirish. Barcha mashg‘ulotlar o‘yin shaklida o‘tkaziladi. Ular bilan nafas olish, diqqatni jamlash, qo‘l motorikasiga qaratilgan mashg‘ulotlar qilishga harakat qilaman, shunda ular sahnada to‘g‘ri gapirish, maqollar va tez aytishlarni ravon talaffuz qilishni o‘rganadi. Yangi yil yoki 8-mart kabi bayramlarga tayyorgarlik ko‘rish vaqti kelganda, men maxsus ssenariy yozaman, bu aynan spektakl bo‘lib, uni bolalar bilan birgalikda sahnalashtiraman”, – deydi u.
Shuningdek, Oleg rafiqasi Marina Gromovaning tarbiyalanuvchilari, uning “Merry Kids” raqs jamoasi bilan ham ishlaydi. Bundan tashqari, u ijodiy faoliyat bilan shug‘ullanadi: she’r va qo‘shiqlar yozib, ularni yakka o‘zi yoki o‘g‘li bilan birga ijro etadi.
Qorbobo - Olegning fikricha, bolalar yil sayin o‘zgarib bormoqda, ayniqsa hozirgi internet va ijtimoiy tarmoqlar davrida bu yaqqol sezilmoqda.
“Ilgari bizda o‘yinchoqlar ham, Qorboboni uyga chaqirish imkoniyati ham kamroq edi. Hozir esa har qadamda archa bezatilgan. Deyarli har kim Qorboboni uyiga taklif qilishi mumkin. Shu bois bolalar bunga oddiyroq hozir qarashadi. Ilgari bunday narsalarni kamroq ko‘rganimiz uchun ko‘zlarimiz chaqnab turardi. Hozir bolalarda ko‘p narsalar bor, shunga qaramay, ularda baribir Qorboboga ishonch, ertaklarga ishonch saqlanib qolinishini istardim”, - deydi u.
Olegning o‘zi esa hamon eng afsonaviy qish qahramoniga ishonadi.
“Shaxsan men uchun Qorbobo kim? Qorbobo - bu ramz. Qandaydir baxt ramzi, ertak ramzi. Yangi yilda barchamiz deymiz: “Yangi yilingiz bilan, yangi baxt bilan”. Ya’ni, biz haqiqatdan yangi baxt kelishiga ishonamiz. Menimcha, Qorbobo va archa ham Yangi yilning ramzlaridir. Archa - Yangi yilning timsoli. Qorbobo ham xuddi shunday. Har birimiz Qorbobo bo‘la olamiz. Axir Qorbobo qanday? U sovg‘alar ulashadi, ertak hadiya qiladi. Buning uchun soqolli, po‘stin kiyganbo‘lish shart emas”, - deya xulosa qiladi u.
Batafsil - Sputnik videosida.
Yangiliklar lentasi
0