Jurnalist va o‘quvchilar qanday feyklarga duch kelishi mumkin: SputnikPro mahorat darsi

Obuna bo‘lish
Eksklyuziv
RIA.ru sayti bosh muharriri Maksim Zubkov "haqiqatga yetish” uchun jurnalist har bir tafsilotni tekshirishi muhimligini qayd etdi.
Toshkentdagi O‘zbekiston davlat jahon tillari universiteti (O‘zDJTU) Xalqaro jurnalistika fakulteti talabalari amaliy mashg‘ulotda feyk (soxta) xabarlarni qanday aniqlashni o‘rganishdi. Tadbir SputnikPRO xalqaro ta’lim loyihasi doirasida bo‘lib o‘tdi.
Mahorat darsida 40 nafardan ortiq talaba yig‘ilib, mutaxassisdan foydali ko‘nikmalar va maslahatlar olishdi.
Spiker sifatida RIA.ru sayti bosh muharriri Maksim Zubkov ishtirok etdi. U bugungi kunda jurnalistlar va o‘quvchilar ko‘pincha qanday turdagi feyk xabarlarga duch kelayotgani, nimalarni e’tiborga olish kerakligi va nima sababdan hatto tajribali muxbirlar ham ba’zan yolg‘on ma’lumotlar tuzog‘iga ilinib qolishlari haqida so‘zlab berdi.
Zubkov feyklarning ikki asosiy turini alohida ko‘rsatdi: matnli va media. Matnli feyklar ko‘pincha buzib ko‘rsatilgan ma’lumotlarni o‘z ichiga oladi, media esa hatto e’tiborli o‘quvchini ham adashtirishi mumkin bo‘lgan soxta fotosuratlar va videolardan iborat.
“Haqiqatga yetish” uchun jurnalist har bir tafsilotni tekshirishi muhim - hattoki rasmiy hujjat ham tekshiruvni talab qiladi. Mutaxassis aniq manbasi ko‘rsatilmagan ma’lumotlarga alohida e’tibor qaratishni maslahat beradi.
“Xabarni kim tarqatgani haqida ma’lumot qancha kam bo‘lsa, uning soxta bo‘lish ehtimoli shunchalik yuqori”, - dedi Zubkov.
Spiker ta’kidladi: xabarni ulashish yoki unga ishonishdan avval, uning hissiy jihatini baholash lozim - bu ko‘pincha feyk xabarning birinchi belgisi.
“Agar xabar hissiy da’vatga o‘xshasa, hushor bo‘lish kerak”, - deya qo‘shimcha qildi u.
Mutaxassis talabalarning e’tiborini feyklar tarqatishni ilgarigidan ham osonlashtiradigan zamonaviy texnologiyalarga qaratdi. Sun’iy intellekt va rasm tahrirlash dasturlari yordamida haqiqiydek ko‘rinadigan, ammo yolg‘on axborotlarni o‘z ichiga olgan fotosuratlar va videolar yaratilmoqda. Zubkov faktlarni tekshirish va manbalarni sinchkovlik bilan tahlil qilish jurnalistning asosiy vositalariga aylanib borayotganini ta’kidladi.
Mahorat darsi davomida talabalar amaliy vazifalarni bajarishda faol ishtirok etishdi: haqiqiy yangiliklarni tahlil qilishdi, yolg‘on ma’lumotlarning belgilarini aniqlashdi hamda feyk tarqalishini oldini olishga yordam beradigan choralarni muhokama qilishdi.
Mahorat darsi yakunida talabalar spikerga savollar berib, ularga batafsil javoblar va professional tavsiyalar olishdi.
Batafsil - Sputnik videosida.
Ma’lumot uchun: SputnikPRO - Sputnik axborot agentligi tomonidan tashkil etilgan media sohasidagi xalqaro ma’rifiy loyiha. Bu jurnalistlar, matbuot kotiblari, blogerlar va oliy ta’lim muassasalarining tegishli yo‘nalishlari bo‘yicha yuqori kurs talabalari uchun Rossiya va xorijdagi eng yaxshi media-menejerlar, ekspertlar hamda agentlikning yetakchi mutaxassislari tomonidan o‘tkaziladigan seminarlar, ma’ruzalar va mahorat darslarining noyob tizimidir.
2025 yilda yangiliklar Telegram kanali: SputnikPRO mahorat darsi - Sputnik O‘zbekiston, 1920, 24.09.2025
Yangiliklar Telegram-kanali qanday bo‘lishi kerak: SputnikPRO mahorat darsi
Yangiliklar lentasi
0